2020 yil

Dunyoda koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat toʻgʻrisida

Sars-CoV-2 virusining yer yuzi boʻylab tarqalish surʼati yuqori boʻlib qolmoqda. Dunyoda kasallanganlarning umumiy soniga nisbatan oʻlim holati qariyb 3,8 foizni, davolanganlarning ulushi deyarli 62,8 foizni tashkil qilmoqda.

Markaziy Osiyo (Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston)da kasallanish ulushi butun dunyoda aniqlangan holatlar statistikasining atigi 1,09 foizini tashkil qiladi. Tuzalganlar koʻrsatkichi nisbati 1,2, oʻlim holati nisbati esa 0,5 foizga teng.

Mintaqada davolanganlar soni aniqlangan kasallanish holatining umumiy soniga nisbatan 71,1 foizni, vafot etganlar esa 1,8 foizni tashkil etadi. Taʼkidlash joiz, mintaqada tuzalganlar koeffitsenti butun dunyo koʻrsatkichiga qaraganda qariyb 9 foizga koʻproq, oʻlim holati foizi esa 2 barobar kam.
Statistika.
“Worldometers” maʼlumotiga koʻra, 3-avgust soat 17.00 holatiga koʻra, COVID-19 bilan kasallanganlar soni 18 million 258,4 ming kishini tashkil etdi, 693,4 mingdan koʻproq odam vafot etgan.
Kasallanish holati eng koʻp qayd etilgan davlatlar: AQSH – 4 million 814 ming, Braziliya – 2 million 733,7 ming va Hindiston – 1 million 808,2 ming kishi.
Oʻlim holati: AQSH – 158 372, Braziliya – 94 130, Meksika – 47 746, Buyuk Britaniya – 46 201, Hindiston – 38 201.
Markaziy Osiyodagi vaziyat
Qozogʻistonda kasallanganlarning umumiy soni 92 662 nafar, 62 511 kishi sogʻaygan, 793 fuqaro vafot etgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A.Soyning soʻzlariga qaraganda, Qozogʻistonda COVID-19 bilan bogʻliq vaziyat barqarorlashdi. Uning taʼkidlashicha, mamlakatda koronavirus choʻqqisi ortda qolib, bugungi vazifa butun qozoq xalqi, butun sogʻliqni saqlash tizimi uchun juda ogʻir kechgan sinovda erishilgan pozitsiyani saqlab qolishdan iborat.
Prezident Qosim-Jomart Toqayev Sogʻliqni saqlash vazirligini mamlakatda koronavirusdan oʻlish darajasini kamaytirishga chaqirib, bu koʻrsatkich hali yuqori darajada ekanini taʼkidladi. Shuningdek, davlat rahbari hukumatga fuqarolar karantin qoidalariga rioya qilishini taʼminlash choralarini kuchaytirish zarurligini ham taʼkidladi.
Qirgʻizistonda ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 37 129 ga yetdi, 27 927 kishi tuzaldi, 1420 nafar fuqaro vafot etdi.
Tojikistonda kasallanganlarning umumiy soni 7 495 ni tashkil etadi, 6 276 kishi tuzaldi, 61 kishi vafot etdi.
Dunyodagi soʻnggi tendensiyalar.
“Bloomberg” agentligi “Airfinity” tahlilchilarining maʼlumotlariga tayanib, dunyoning eng boy mamlakatlari 1,3 milliard dozadan ortiq koronavirusga qarshi vaksinalarni sotib olish boʻyicha kelishuv imzolagani haqida xabar qilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, ular orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bor. Tahlilchilar maʼlumotiga qaraganda, ushbu davlatlar yana 1,5 milliard vaksina sotib olish niyatida. Mutaxassislar fikricha, bunday “agressiv sotib olish” bu vaksinani xarid qilishda oxirgi navbatda qolib ketishi mumkin boʻlgan boshqa mamlakatlar uchun xavf tugʻdirmoqda. Maqola mualliflari dori dozalari butun dunyo aholisi uchun yetmasligi mumkinligidan xavotirlanib, uncha badavlat boʻlmagan mamlakatlar uchun 2009-yildagi holat – bir qator davlatlar yetkazib berishni monopollashtirishi yuz berishi mumkinligini taxmin qilishyapti.
Vaksina va dori ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar, tadqiqotlar.
“New York Post” xabar berishicha, “Neuro Rx” va “Relief” kompaniyalari AQSH oziq-ovqat va dori-darmonlarni nazorat qilish boshqarmasi (FDA) respirator distress sindromi, yaʼni COVID-19 keltirib chiqaradigan oʻpkaning oʻtkir shikastlanishini davolash maqsadida RLF-100 (Aviptadil) dori vositasini oʻrganish uchun “Neuro Rx”ga tezkor koʻrib chiqish maqomini berganligi haqida maʼlum qildi.
Dastlabki klinik tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, oʻta ogʻir ahvoldagi va COVID-19 tufayli yuzaga kelgan nafas olish yetishmovchiligi bilan ogʻrigan bemorlar qonning oksigenatsiyalashishi ancha yaxshilanganini sezgan va bu turdagi alveolyar yepitelial hujayralarni SARS-CoV-2 virusidan qutqargan hamda oʻlim koʻrsatkichlarini sezilarli darajada kamaytirgan.
Taʼkidlanishicha, “Neuro Rx” tezkor koʻrib chiqish dasturiga qoʻshilishi doirasida FDA kompaniyadan shifokorlar klinik tadqiqotlarning joriy 2/3 bosqichida ishtirok etmayotgan kasalxonalarda davolanayotgan bemorlar uchun RLF-100 ni soʻrashlari uchun shifokorlar keng foydalanishi mumkin boʻlgan ommabop siyosatni joriy qilishni talab qilgan.
BBC News xabar berishicha, Buyuk Britaniyada hukumat kasallikni 90 daqiqada aniqlash imkonini beradigan COVID-19 uchun yangi testlardan foydalanishni maʼqulladi. Mamlakat sogʻliqni saqlash vaziri M.Xenkokning soʻzlariga koʻra, testlarni qariyalar uylari, kasalxonalar va laboratoriyalarga keyingi haftadan yetkazish rejalashtirilgan. Vazir ushbu testlar nafaqat koronavirusni, balki grippni ham aniqlashi mumkinligini qoʻshimcha qildi.
Italiyalik tadqiqotchilar odamlar koronavirusni uy hayvonlariga yuqtirishi mumkin, degan taxminni tasdiqladilar. “Deutsche Welle” xabar berishicha, olimlar Shimoliy Italiya, asosan Lombardiyadagi xoʻjaliklarda 540 ta it va 277 ta mushukni oʻrganib chiqish asosida shunday xulosaga kelishdi. Bu hayvonlar virus yuqtirganlar bilan yoki epidemiyadan eng koʻp jabrlangan hududlarda yashagan.

Itlarning 3,4 foizida va mushuklarning 3,9 foizida antitanachalar aniqlangan. Shu bilan birga, odam virusni mushuk yoki itdan yuqtirib olishi ehtimoli nomaʼlumligicha qolmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Fridrix Leffler nomidagi institut rahbari T. Mettenlyayter it va mushuklar bugungi kungacha COVID-19 tarqalishida hech qanday rol oʻynamaganligini, asosiy omil esa odamdan odamga yuqish boʻlib qolayotganini maʼlum qildi.

TASSning Rossiya sanoat va savdo vazirligi rahbari D. Manturovga tayanib xabar berishicha, bugungi kunda mamlakatdagi 3 ta farmatsevtika kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarishni oʻzlashtira boshladi. Vazirning soʻzlariga koʻra, bunday kompaniyalarning soni asta-sekin oshib boradi va 2021-yilga kelib Rossiyaning farmatsevtika sanoati oyiga COVID-19 ga qarshi vaksinaning bir necha million dozasini ishlab chiqaradi.
COVID-19 ning salbiy oqibatlarini kamaytirish va karantindan chiqish choralari.
Meklenburg-Old Pomeraniya yozgi taʼtildan soʻng yangi oʻquv yilini boshlaydigan Germaniyadagi birinchi federal hudud boʻladi. “Tagesschau” xabar berishicha, mart oyi oʻrtalarida koronavirus pandemiyasi tufayli maktablar yopilgandan beri birinchi marta bu yerdagi barcha 152,7 ming oʻquvchi oʻqishni boshlaydi.
Meklenburg-Old Pomeraniya Taʼlim vazirligining maʼlumotiga koʻra, boshlangʻich maktab oʻquvchilariga har kuni 4 soat, oʻrta maktabda esa 5 soat oʻqish kafolatlanadi. 13 ming oʻqituvchidan 400 ga yaqini infeksiya yuqtirib olish xavfi ostidagi guruhda boʻlganligi tufayli ishga qaytolmaydi. Shu sababli, baʼzi darslar masofadan turib davom ettiriladi. Yuqtirish xavfini kamaytirish uchun barcha oʻquvchilarni maktab ichida bir-biri bilan kesishmaydigan guruhlarga boʻlish rejalashtirilgan. Har bir guruhda masofani saqlash qoidalariga rioya qilinadi. Oʻquvchilar maktab avtobusida niqob taqishlari talab etiladi.
Shuningdek, nashr oʻqish Shlezvig-Golshteyndagi ayrim orollarda va Gamburgda, bir haftadan keyin esa Berlin, Brandenburg, Shimoliy Reyn-Vestfaliya va butun Shlezvig-Golshteynda ham boshlanishini xabar qilgan.
Rossiyada Rospotrebnadzor maktablar uchun koronavirusga qarshi chora-tadbirlarni yumshatadi. Bu haqda idora bayonotiga tayanib, “Rossiya gazetasi” xabar berdi. Hozirgi paytda taʼlim muassasalari oldida nafaqat bolalarga bilim berish, balki ularning sogʻligini saqlash vazifasi ham turibdi. Maʼrifat vaziri S. Kravsovning soʻzlariga koʻra, taʼlim mussasalarida binoga kirayotgan kishilarning tana harorati oʻlchanadi, birinchi 2 hafta davomida har bir maktabda tibbiyot xodimi boʻladi, mutaxassislar dezinfeksiya ishlarini olib boradi.
Material Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar

instituti koʻmagida tayyorlandi.