2020 yil

Koronavirusdan tuzalganlar oʻzlaridan yana 90 kun davomida virus zarralarini chiqarishi tasdiqlandi

COVID-19ni yuqtirib olib, uni yenggan va shifo topgan inson virusni yana 90 kun davomida virus zarralarini chiqarishi mumkin.

Bu haqda Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova Rossiya Fanlar akademiyasi prezidiumi yigʻilishida maʼlum qildi.

“Bizda ham xorijiy davlatlarda olib borilgan kuzatuvlar natijalari bor. Unga koʻra, koronavirusdan butunlay forigʻ boʻlgan inson yana 90 kungacha oʻzidan virus zarralarini chiqaradi. Rossiya Federatsiyasidagi kuzatuvlarimiz natijasi 48 kungacha, chet elda esa 90 kungacha ekanligini koʻrsatmoqda. Bunda insonda hech qanday alomatlar boʻlmaydi, oʻzini juda yaxshi his qiladi, qoni va barcha koʻrsatkichlari ham ijobiy natijalarni koʻrsatadi, ammo u virus zarralarini burni orqali chiqaradi”, — deya taʼkidladi Popova.

Ammo ushbu kuzatuvlar xulosasining xastalikdan tuzalgan odamning uni boshqalarga yuqtirishi mumkinligini anglatadimi yoki yoʻqligi borasida aniq fikrlar bildirilmadi.

Rospotrebnadzor rahbari, shuningdek, dunyoda faqat immunitet tizimining buzilishi bilan ajralib turadigan vaziyatlardan tashqari koronavirus infeksiyasining aniq isbotlangan qayta yuqtirish holatlari mavjud emasligini, shuning bilan birga, niqob taqish rejimini barcha odamlar – emlanganlar uchun ham, kasallar uchun ham saqlash kerakligini qayd etdi.