Версия для слабовидящих

2020 yil Yangi O'zbekiston

O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilish masalasi ochiqligicha qolmoqda — Sodiq Safoyev

O‘zbekiston aholisining aksariyati mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlamoqda, bu borada hukumat va parlamentda kelishuvga erishildi. YeOIIga qo‘shilish masalasi ochiq bo‘lib qolmoqda, ammo a’zo bo‘lish uchun muhim omillar mavjud. Bu haqda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev AQSHda gapirdi.

O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) kirishi jamiyatda Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga (YeOII) a’zo bo‘lishdan ko‘ra kamroq munozaralarni keltirib chiqaradi, bu borada oxirgi savol ochiq qolmoqda. Bu haqda 17 noyabr kuni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Vashingtondagi Atlantika kengashida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi, deya xabar berdi «TASS».

Eslatib o‘tamiz, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan AQSHda bo‘lib, ushbu tashrif 22 noyabrga qadar davom etadi.

«JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun eng ustuvor vazifadir va biz ushbu tashkilotga qo‘shilishga tayyorgarlik qilishda ko‘rsatayotgan ulkan yordami uchun AQSHdan minnatdormiz, — dedi Sodiq Safoyev. — O‘tgan hafta O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov va AQSH savdo vaziri Uilbur Ross juda muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazdilar [videokonferensiya orqali]. AQSH bizni qo‘llab-quvvatlashiga amin bo‘ldik».

Sodiq Safoyev YeOII haqida gapirar ekan, bu borada jamiyatda ko‘plab qarama-qarshiliklar mavjudligini ta’kidladi. «Qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik to‘g‘risida ko‘plab savollar mavjud, ammo Yevroosiyo Ittifoqiga a’zolikni ko‘rib chiqishda uchta asosiy omil bor, — dedi u. — Birinchidan, respublikaning millionlab fuqarolari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarida ishlaydi. Bu bizning fuqarolarimiz, ularning huquqlarini himoya qilish va ularga pul topish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratish biz uchun juda muhimdir».

«Ikkinchidan, geografiya. Bizning asosiy bozorlarimiz uchun yangi transport yo‘nalishlari kerak. Ushbu tashkilotning bir qismi sifatida biz imtiyozlar tizimiga kiramiz, bu eksport va import uchun transport xarajatlarini kamaytiradi. Uchinchidan, O‘zbekiston eksportining asosiy yo‘nalishi — Yevroosiyo ittifoqiga a’zo davlatlardir», — dedi Senat rahbarining birinchi o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda YeOIIga kirish imkoniyatlarini baholash uchun maxsus guruh tuzilgan. «Keling, bu tashqi savdo siyosatining mustaqilligini pasaytiradimi yoki yo‘qmi, u boshqa mamlakatlarning tajribali sheriklari oldida bizdagi kichik va o‘rta biznes mavqeiga putur yetkazadimi, shuni ko‘rib chiqsak», — dedi Sodiq Safoyev. — Bu borada hukumat va parlament qaror qabul qiladi. <…> Bu masala hamon ochiqligicha qolmoqda».

May oyida Senat ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekistonning kuzatuvchi davlat sifatida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini ma’qulladi. 71 senator «qo‘shilaman», 16 nafari «qarshi» ovoz berdi, 4 kishi esa betaraf qoldi.

Iyul oyida, deyarli 15 yillik tanaffusdan so‘ng, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhining yig‘ilishlarini davom ettirdi. 2019 yilda O‘zbekiston tomoni JSTga mamlakatning ushbu tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi yangilangan memorandumni taqdim etdi.

Print Friendly, PDF & Email
loading