BI-BI-SI O‘ZBEK XIZMATI 1935 YIL LONDONDAGI XALQARO FESTIVALDA O‘ZBEK SAN’ATKORLARINING MUVAFFAQIYATLI ISHTIROKI HAQIDA QIZIQARLI MAQOLA BERDI

LONDON, 9 oktyabr. /“Dunyo” AA/. Bi-Bi-sining O‘zbek xizmati o‘z saytida1935 yil Londonda tashkil etilgan Xalqaro folklor raqslar festivalida mashhur o‘zbek san’atkorlari Tamaraxonim, Usto Olim Komilov, To‘xtasin Jalilov va Abduqodir Ismoilovning muvaffaqiyatli ishtiroki haqida “O‘zbekiston va Britaniya: 1935 yil Londonda Tamaraxonim qanday kutib olingan yoxud Usto Olim sallasi siri” sarlavhali tahliliy maqola joylashtirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi — Britaniya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati a’zosi, mustaqil raqs tadqiqotchisi va bloger Roza Verko. U o‘zbek raqsi, uning tarixi va kelib chiqishi juda qiziqadi. Mazkur maqola London kutubxonalarida olib borilgan mustaqil tadqiqotga asoslangan. R.Verko tadqiqotning muhim qismlarini joriy yil sentyabr oyida Xivada bo‘lib o‘tgan «Raqs sehri» festivalidagi ishtiroki chog‘ida taqdim qilgan.

Quyida maqola matni keltirilmoqda.

“O‘z maqolamda men 1935 yil o‘zbek madaniyatini ilk marta britan jamoatchiligiga taqdim qilgan ajoyib raqqosa va atoqli san’atkor Tamaraxonim, uning ustozi Usto Olim Komilov, sozandalar To‘xtasin Jalilov va Abduqodir Ismoilovlar hayoti va ijodidagi juda muhim voqeani jonlantirishga urindim.

Tamaraxonim ijodini jonli tarzda ko‘rmaganman. Ammo uning o‘zbek raqsini va o‘zbek madaniyatini dunyo bo‘ylab targ‘ib qilishdagi hissasiga va hayotiga muhabbatim cheksiz. Uning raqslari va raqqosa kasbiga bo‘lgan munosabati raqqosalar, xonandalar va madaniyat faollarining bugungi va kelgusi avlodi uchun hali ham ilhom modeli bo‘lib xizmat qiladi.

O‘z ijodining ilk kunlarida u ochiq yuz bilan jamoatchilik oldida raqsga tushgani uchun bir necha bor mutaassiblar tomonidan do‘pposlanishiga, hatto o‘ldirilishiga juda oz qolgan. Lekin u hech qachon taslim bo‘lmagan va raqsga bo‘lgan muhabbatiga sodiq qolgan.

Tamaraxonimning 1935 yil Londonda o‘tgan Xalqaro folklor raqslar festivalida qilgan chiqishlari o‘zbek ayoli va professional ijodkorning yangi siymosini yaratdi — o‘z vataniga cheksiz hurmat va iftixori bo‘lgan va o‘ziga ishongan Tamaraxonim ayni damda o‘ta jozibador, yoqimli, go‘zal va lablarida hamisha sirli tabassum o‘ynab turgan iliq shaxs edi.

Men uchun juda qiziq bo‘lgani, Tamaraxonim va unga hamroh uch sozanda Londonda qanday kutib olingan ekan va o‘sha davrning britan matbuoti britan sahnasidagi ilk o‘zbek san’atkorlariga qanday qarashgan ekan?

Tadqiqotimni Londondagi Britaniya kutubxonasidan boshladim. So‘ng poytaxt shimolidagi daraxtlar ichra joylashgan sokin Kamden mavzesida, ingliz xalq raqsi va qo‘shiqlari jamiyatining qarorgohi bo‘lmish Sesil Sharp uyida yakunladim.

1935 yilda folklor raqslarni London sahnasida namoyish qilishdan maqsad o‘sha vaqtda ba’zi mamlakatlar va hududlar o‘rtasida mavjud bo‘lgan tanglikni ortda qoldirib, qit’a sifatida birlashishga chaqirish edi.

Tadbirga guvoh ingliz adibi Simona Pakenham yozishicha, festivalga 17 mamlakatdan 500 dan ortiq raqqos va raqqosalar tashrif buyurgan.

Festival dasturida «SSSR raqqosalarning katta guruhini yo‘lladi va ular rus xalq raqslarining ko‘plab turlarini namoyish qiladilar» deb yozilgan.

Uch kun davom etgan festival 1935 yil 17-19 iyul kunlari nufuzli Royal Albert Holl sahnasida bo‘lib o‘tgan. Tomoshabinlar ichida Qirol Jorj V va Qirolicha Meri ham bor edi.


SSSRning delegatsiyasi Rossiya, Ukraina, Gruziya va O‘zbekistondan yig‘ilgan 38 kishidan tashkil topgandi. Tamaraxonim o‘z avtobiografiyasida yozishicha, festival tashkilotchilaridan bo‘lgan SSSRning Londondagi elchisi Ivan Mayskiy ularga ko‘p yordam bergan: u hatto raqqos va raqqosalarga repetitsiyalar va liboslarini tikishlari uchun elchilik uyini ajratib bergan. Elchi Mayskiy va uning rafiqasi Usto Olim og‘ir kasal bo‘lib qolganida ham unga tinmay qarashgan. Ammo, bu haqida batafsil biroz keyinroq…

Tamaraxonim va uning sozandalari

Britaniya matbuoti Tamaraxonim SSSR delegatsiyasining ahamiyatli a’zosi ekanini bilishardi. Tamaraxonim 1933 yil “O‘zbekiston xalq artisti” unvonini olgan va nafaqat O‘zbekiston, balki butun SSSRda mashhur yulduz edi.

Suratlardan birining ostidagi izohda «Osiyolik rus xalq raqs guruhi a’zolari» deyilgan. O‘zbek san’atkorlarining osiyolik rus guruhi deya qabul qilinishiga hayron qolmasa bo‘ladi, har qalay Tamaraxonim va sozandalari Londonga SSSR nomidan kelishgandi. Britanlar va matbuot u davrlarda SSSR haqida ko‘p bilimga ega emasdi va SSSRdagi etnik, tarixiy va madaniy turfaxillikni to‘la anglab yetmagan. G‘arb uchun SSSR asosan Rossiyani anglatardi.

“The Daily Telegraph” gazetasi chop qilgan ushbu kichik e’londa shunday deyilgan: «Sovet rahbariyati Toshkentdagi davlat teatrlaridan uch professional balet raqqosini o‘zbek, tojik va boshqa O‘rta Osiyo milliy raqslarini namoyish qilish uchun Londondagi Folklor raqs festivaliga yuborishga qaror qildi. Ular orasida «sharafli xalq artisti Tamaraxonim» ham bor».

Bu xato edi, albatta. Toshkentdan kelayotgan guruh balet raqqoslari emas, balki o‘zbek milliy musiqiy teatrining kashshoflari edi. Usto Olim Komilov taniqli sozanda, xoreograf, madaniy faol va ustoz bo‘lsa, To‘xtasin Jalilov va Abduqodir Ismoilov nomi chiqqan sozanda va aktyor edi.b

Gazetadagi e’londa Tamaraxonim «Toshkent yahudiy teatrining professional raqqosasi va u Turkistondagi irqining mahalliy raqslarini ijro etadi» deyiladi.

Gap shundaki, u davrning britan jurnalistlari o‘zbek madaniyati yoki, o‘zlari aytmoqchi, «irq»ini bilmagan. Ular, shuningdek, Tamaraxonim aslida arman qizi ekani, ammo O‘zbekistonning Farg‘ona shahriga yaqin joyda tug‘ilib, o‘zbek mahallasida ulg‘aygani va shu sabab o‘zbek musiqasi, qo‘shiqlari va raqslari, tili va udumlaridan o‘ta yaxshi xabardor ekanini bilishmasdi.

Mana bu suratni esa The Vaughan Williams Memorial Library kutubxonasi arxivlaridan topdim. Unga «o‘zbek sozandasi» deya izoh berilgan, xolos. Suratda To‘xtasin Jalilov o‘zining rang-barang to‘nida gavdalangan.

Sesil Sharp uyi arxivlarida saqlanayotgan yana bir suratda esa o‘zbek ansambli o‘z ingliz mezbonlari davrasida ingliz choyini ichayotganlari namoyon bo‘ladi. Unga «Choy birlashtirdi: Xalqaro folklor raqs festivali raqqoslari, 1935» deya izoh berilgan. Suratda an’anaviy o‘zbek piyolasidan choy ichishga o‘rgangan san’atkorlar inglizcha rusumda choy ichayotganlari namoyon bo‘ladi.

To‘rtovlon ilk o‘zbek sayyor etnografik ansambli tuzilishining birinchi kunlaridanoq birgan ijod qilgan. Ansambl 1929 yil Davlat o‘zbek musiqiy teatriga aylantirilgan va u hozirgi Alisher Navoiy teatriga poydevor bo‘lgan. Aytish joizki, sozandalarning Londondagi roli faqat yosh Tamaraxonimga hamrohlik bilan cheklanmagan: ular uning ustozlari, maslahatchilari va raqs sahnalashtiruvchilari ham edi. Tamaraxonimning raqqosa bo‘lib shakllanishida va uning raqs repertuari o‘zbek milliy raqsining eng ajoyib merosi bilan to‘ldirilishida Usto Olim Komilovning roli juda katta bo‘lgan.

Usto Olimning sallasi

E’tibor bergan bo‘lsangiz, suratlarda faqat Usto Olim Komilov o‘zbek sozandalari ichida salla o‘ragan holda namoyon bo‘lgan. Tamaraxonim o‘zining «Mening hayotim. O‘zim va O‘zbekistonning atoqli madaniy faollari haqidagi xotiralarim» kitobida bu holat haqida qiziq hikoyani so‘zlab beradi. (Bu kitob Tamaraxonim hayoti va ijodi haqida katta material yiqqan Lyubov Avdeyeva tomonidan tayyorlangan.)

Hikoyada aytilishicha, Usto Olim Londonga safar qilayotganida qattiq kasal bo‘lib qolgan. Uzoq poyezd safari uni shunday toliqtirganki, o‘zbek guruhi safarni bo‘lib, Usto Olimga muolaja olish uchun Berlinda qolib ketgan. Rejada bo‘lmagan Berlin tanaffusi tufayli guruh Londonga shoshib, barcha yuklarini Berlin temir yo‘l bekatida qoldirib ketgan. Xayriyatki, ertasiga yuklar Londondagi elchixonaga olib kelingan. Guruh Gollandiyaning Rotterdam shahriga borib va u yerdan kemada La-Manshni kesib o‘tib, Londonga yetib kelganida Usto Olimning ahvoli yanada og‘irlashgan. Uning chap ko‘zi tepasida paydo bo‘lgan uchta shish qattiq og‘rib, uni holdan qoldirgan.

Tamaraxonimning xotirlashicha, elchi Ivan Mayskiy va uning rafiqasi Agniya Aleksandrovna Usto Olimga yaxshi qaragan. Elchi va uning ayoli festival tashkilotchilari bo‘lmish The Kennedy’s kompaniyasi yordamida Usto Olimni, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘lim yoqasidan olib qolgan: ular zudlik bilan mahalliy jarrohni chorlab, uy sharoitida uning peshonasida murakkab jarrohlik amali qilinishiga sababchi bo‘lgan. Ammo Usto Olimning yarasini endi qoplash kerak edi. Shunda Tamaraxonim uning boshini Buxorocha salla bilan o‘rashga qaror qiladi. Salla kiygan Usto Olim sog‘ayib, festival sahnalarida muvaffaqiyatli chiqishlar qildi. Tamaraxonim sallani britan jamoatchiligi qanday qabul qilishidan bezovta bo‘lgandi, ammo salla unga juda yarashib tushgan.

Tamaraxonim o‘z memuarida Royal Albert Holl sahnasidagi chiqishidan avval Britaniya Qiroli Jorj V va Qirolicha Meriga ta’zim qilganini eslaydi — bu Britaniya qirolligi etiketi talabi edi. Uning yozishicha, Usto Olim bu sahnadagi o‘zbek chiqishi a’lo darajada amalga oshishini juda istagan. Yuqori harorat bilan tomoshabinlar qarshisiga chiqqan Usto Olim butun kuch-quvvatini doirasiga bergan, Tamaraxonim esa «Katta o‘yin», «Gul o‘yin», «Pilla» va «Kari navo» raqslarini maromiga yetkazib ijro qilgan.

Qirol va Qirolicha mezbonlik qilgan marosimda festivalning barcha ishtirokchilariga medallar taqdim qilingan, ammo Tamaraxonimning yozishicha, o‘zbek guruhi alohida taklif qilinib Usto Olim Komilovga shaxsan Qirolicha nomidan medal berilgan. Qirolicha va Qirol Usto Olimning qo‘llarini olib, uning betakror musiqiy barmoqlariga hurmat tarzida yuzlariga tekkizgan.

San’at tanqidchisi Artur Bachelor Tamaraxonim va Usto Olim tomoshasini quyidagicha eslaydi:

«Albert Hollda ikkinchi kechada yuzi yaqqol mongol qiyofali ayol paydo bo‘ldi va qiziq raqs ijro etdi. U menga nautch raqsini eslatdi va G‘arb madaniyati o‘zbek madaniyatini naqadar o‘zgartirgan ekan, deya o‘ylashga undadi. Uning doirachisining mahorati, pianissimo yoki forte, har bir zarbani naq haqoratdek jaranglatdi. Ayol lutf bilan uni joyidan turg‘azib, tomoshabinlar yog‘dirayotgan qarsaklarni u bilan bo‘lishishga chaqirdi.

Tamaraxonimga «yaqqol mongol qiyofali» deya berilgan ta’rif va uning raqsining Hindistonning nautch milliy raqsiga qiyoslanishi Britaniya matbuotida o‘zbek madaniyati haqida bilim qanchalar kam bo‘lganidan darak beradi. Ammo bu ham o‘zbek san’atkorlarining Londondagi ajoyib muvaffaqiyatiga soya solmadi. Bachelor Usto Olimni festivaldagi «eng zo‘r» sallali doirachi, deya baholadi. «Keksa osiyolik qo‘lida elakdek doira bilan zalda o‘tirgan har bir sozanda va raqqosayu raqqosni iliklarigacha titratdi. So‘ng zalda o‘zini ustasi deb bilgan har bir doirachi uning atrofini o‘rab olishga uringanini kuzatish qiziq bo‘ldi. Albert Hollni qarsaklar na’rasi qopladi», deb yozadi u.

Tamaraxonimni esa u so‘ngra «o‘zbeklik sirli enigma» deya ta’riflaydi. Boshqa bir maqolada Tamaraxonim ingliz tilida «brilliant ayol» nomini oldi.

Tamaraxonimning yozishicha, britan jamoatchiligi Usto Olimning ko‘rinishidan shunday oddiy asbobdan u qadar turfaxil sadolarni chiqara olishdek texnik qobiliyatidan lol qolishgach, festival tashkilotchilari uning qo‘lidan aniq nusxa quyib olgan va bu nusxa ko‘p yillar Sesil Sharp uyida saqlangan. Men bu qo‘l nusxasi haqida so‘raganimda, Sesil Sharp uyi kutubxonasi mudiri ayni uy Ikkinchi jahon urushida bombardimon ostida qolgani va qo‘l nusxasi boshqa ko‘plab osori atiqalar bilan birga vayron bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Qanday bo‘lmasin, men London xalqaro folklor raqs festivalidan ko‘plab original suratlar va materiallar bu qadar benuqson saqlanib qolganiga juda xursand bo‘ldim. Aynan Sesil Sharp uyi kutubxonasi xodimlarining sa’y harakatlari tufayli men bu voqeani jonlantirishga muvaffaq bo‘ldim.

O‘ylaymanki, o‘zbek raqqos va raqqosalarining yangi avlodi Tamaraxonim va uning ustozlaridan o‘rnak olib, butun jahonga o‘zbek raqsining barcha janrlari — milliy, mumtoz va zamonaviy turlari naqadar boy ekanini namoyish qilishi kerak. Yaqinda Xivada bo‘lib o‘tgan «Raqs sehri» kabi festivallar o‘zbek raqs madaniyatining jozibasini ko‘z-ko‘z qiladi, ammo endi Tamaraxonim o‘z hayoti davomida qilganidek, milliy chegaralardan chiqib, o‘zbek raqsi va madaniyatini dunyo bo‘ylab targ‘ib qilish vaqti keldi. Raqs nafaqat ko‘zni va dilni yayratuvchi san’at turi, balki xalqlarni o‘zaro yaqinlashtirib, madaniy ko‘priklar qurish uchun ham xizmat qilishi mumkin.