“Bu juda og‘ir masala” — TIV o‘rinbosari qo‘shni davlatlardan o‘qishni ko‘chirish masalasiga to‘xtaldi

Ayni paytda qo‘shni mamlakatlarda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi rasmiylar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yaqinda bu boradagi bir qancha muammolarga yechim topilishi kutilyapti. Bu haqda 14-fevral, juma kuni, TIV tomonidan jurnalist va blogerlar uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matovning fikricha, qo‘shni davlatlardagi OTMlarda tahsil olayotgan fuqarolarning o‘qishini respublikaga ko‘chirish jarayonida siyosiy ma’no, siyosiy omil umuman yo‘q.

“Chet ellarda o‘qiyotgan yoshlarimizning ota-onalari farzandlari yurtimizdagi oliygohlarda o‘qib, yaqinlari bag‘rida yurishini so‘rab, ko‘p yildan beri talab qilardi. Avvallari Oliy ta’lim vazirligi chet elda o‘qiyotgan fuqarolarimizga o‘qishini ko‘chirishga yilda bir marta, yozda ruxsat berardi. Bu yil ana shu talablardan kelib chiqib, qishda ham rozilik berildi.

Bu bo‘yicha OAVda xabarlar tarqatilganidan keyin va undan oldin Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi elchixonalar, konsullik bo‘limlari — hammalari muzokaralar olib boryapti.

Bu juda og‘ir masala. Qozog‘istoning Chimkentida 7—10 mingdan ortiq fuqarolarimiz o‘qiydi. Qozog‘istonda juda ko‘p. Qirg‘iziston va Tojikistonda ham xuddi shunday. Elchilar bilan har kuni o‘zim gaplashyapman. Ular shug‘ullanyapti, oliy o‘quv yurtlari rektorlari va vazirlari bilan suhbatlashib, muzokaralar olib boryapti.

Xabarlaringiz bor, ko‘chirish muddati 15-martgacha uzaytirildi. O‘zimizda har yili OTMlarga 60—65 ming odam qabul qilinadi. Buni ko‘paytirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan vazifa qo‘yilgan. Haqiqatdan kvotalar sonini ko‘paytirmasak bo‘lmaydi. Chunki bizda 34 million aholi mavjud va bu raqam tobora ortib boryapti. O‘qishga talab juda ko‘p. Bizning oliy ta’lim vazirimiz qo‘shni mamlakatlar oliy ta’lim vazirlari bilan yana bir bor uchrashib, gaplashadi.

Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘istonda qonun borki, birinchi semestrni yoki birinchi kursni tamom qilmasdan turib, ko‘chirish mumkin emas. Yoki bo‘lmasa, oxirgi kursni ko‘chirish mumkin emas. Shunday holatlar borki, masalan, talabalar o‘qishni boshlaganidan keyin bir yilga pul to‘lab qo‘yadi. O‘qish yarmiga kelganidan keyin pulini qaytarib bermaydi-ku. Shuning uchun mana shu muammolar bor. Hozirgi kunda muzokaralar olib borilyapti. O‘ylaymanki, muzokaralar natijasida bu muammolar hammasi hal bo‘ladi”, — dedi Ilhom Ne’matov.