Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu yilgi Umra ziyorati uchun narxlarni arzonlashtirdi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan “Umra — 2019” mavsumi bo‘yicha brifing tashkil etildi.

Brifingda aytilishicha, 2019-yil Umra mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi loyihasi ishlab chiqildi va har bir ziyoratchidan olinadigan mablag‘ o‘tgan Umra safari uchun to‘lanadigan mablag‘ miqdoridan arzonlashtirilgan. Ya’ni, 11 million 600 ming so‘mdan 11 million 450 ming so‘mga tushirilgan.

Ta’kidlanganidek, joriy yil sentabr oyidan boshlab Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vazirligi tomonidan har bir ziyoratchi uchun qo‘shimcha 132 AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilmoqda. Kelishuvga ko‘ra, mazkur qo‘shimcha mablag‘ Umra ziyorati uchun joriy yil noyabr oyidan boshlab tuziladigan keyingi shartnomada qo‘shilishi belgilab olindi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkorlar tomonidan o‘zbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish ishlari nihoyasiga yetgan va ular uchun barcha shart-sharoitlar hozirlab qo‘yilgan.

Jumladan, har bir ziyoratchi uchun to‘lanadigan mablag‘ ichida Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiy vizasi, Toshkent — Jidda — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta, Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona, taomlar, sarxil mevalar, shirinlik va salqin ichimliklar qamrab olingan. Shuningdek, 24 soatlik bepul to‘liq tibbiy xizmat, O‘zbekiston ramzlari tushirilgan maxsus nimcha va sumka, Umra qo‘llanmasi (kitobi), beyjik, qo‘l tasmasi, vaksina, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari kiritilgan. Ziyoratchilar uchun mehmonxonalarda yuqori darajadagi servis xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Umra safari davomida ziyoratchilarimizga xizmat ko‘rsatish, ularning ibodatlari mukammal bo‘lishi uchun bilimli, tajribali guruh rahbarlari saralab olingan. Umra ziyorati 10 kunni tashkil etib, yurtdoshlar 3 kun Madinai munavvara, 7 kun Makkai mukarrama shaharlarida bo‘ladi.

Umra safari davomida ziyoratchilarga 5 nafar ishchi guruhi a’zosi, 200 nafar guruh rahbari (ellikboshi) va 47 nafar shifokor xizmat ko‘rsatadi.

Kirish vizasi bilan bog‘liq masalalar tez orada hal etilgandan so‘ng, Umra safariga otlangan birinchi guruh ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketish kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy veb-sayti orqali e’lon qilinadi.