Bagʻrikenglik oʻzbek xalqining yuksak fazilati

Oʻzbekiston – umumiy uyimiz 
Dunyoda nechta millat-elat, qancha xalq boʻlsa, har birining oʻziga xos milliy urf-odat va anʼanalari mavjud. Bugungi globallashuv zamonida millatlar oʻrtasida turli nizolar boʻlib turgan bir paytda, 130 dan ortiq millat yashayotgan Oʻzbekistondagi millatlararo totuvlik bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik yoʻnalishida olib borilayotgan oqilona siyosat bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan tan olinganligi barchamizda faxr va gʻurur uygʻotadi. Bu esa, oʻz navbatida, yurt tinchligi va taraqqiyotiga, umuminsoniy madaniyat va maʼnaviyat rivojiga xizmat qiladi.
Yurtimizni turli millat va elat vakillari jam boʻlgan katta bir oilaga qiyoslasak mubolagʻa boʻlmaydi.
db9c94eb-9cc9-4ec5-967e-4a1546f3efdc.jpg
Sirdaryo viloyatida “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” shoiri ostida Harakatlar strategiyasining millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlashda oʻrni va ahamiyati mavzusida oʻtkazilgan doʻstlik va madaniyat festivalida bu yana bir bor namoyon boʻldi.
– Olijanoblik, insonparvarlik, bagʻrikenglik qatorida millatlararo totuvlikka intilish azal-azaldan xalqlarimizning eng yuksak fazilatlaridan boʻlib kelgan, – deydi Sirdaryo viloyati “Qirgʻiz” milliy madaniy markazi rahbari Nodira Janibekova. – Ushbu festival ham ayni shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylash, turli millat vakillariga oʻz eʼtiqodini amalga oshirishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgan. Dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga va ular oʻrtasida qadimiy mushtarak anʼanalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yoshlarimiz tarbiyasiga sitqidildan yondashishimiz, har bir vazifani oʻz vaqtida bajarishimiz va bu borada shaxsiy namuna boʻlishimiz har birimiz uchun ham qarz, ham farz demakdir.
137753ef-1ff9-4a94-aa63-74e1f30f6f5f.jpg
Tadbir avvalida namoyish etilgan milliy-madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan milliy taomlar, iqtidorli yosh rassomlarning millatlararo doʻstona munosabatlar aks ettirilgan ijod namunalari, milliy urf-odat va azaliy anʼanalarni oʻzida mujassam etgan yosh hunarmandlar asarlari koʻrgazmalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
“Jamiyatimizda millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlashda “Harakatlar strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishning bosh shartlaridan biri”, “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq milliy-madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlari rolini yanada oshirish va ularning aholi hayotidagi ishtirokini kuchaytirishga doir hududda amalga oshirilayotgan ishlar”, “Viloyatda millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni taʼminlashda davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining oʻzaro hamkorligining muhim masalalari” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
468dac69-edac-477b-9c65-bf7304190464.jpg
Doʻstlik va madaniyat festivali viloyatdagi milliy-madaniy markazlar badiiy jamoalari va viloyat sanʼatkorlarining konsert dasturi bilan yakunlandi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Mirzayev soʻzga chiqdi.

 

A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), OʻzA