Ozarbayjon Demokratik Respublikasining 100 yilligi nishonlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalar qo‘mitasida qardosh Ozarbayjon Respublikasi e’lon qilinganining 100 yilligi munosabat i bilan badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Ozarbayjon Respublika Madaniy markazi tomonidan tashkillashtirildi. Unda respublikada faoliyat olib borayotgan Milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari, qator tashkilotlardan taklif etilgan mehmonlar shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

 

 
Qo‘mita foyesida Ozarbayjon Respublikasining tashkil qilinishi bilan bog‘liq fotoko‘rgazmada 1918 yilda Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan voqealar aks ettirilgan tarixiy fotosuratlar ko‘pchilik diqqatini o‘ziga tortdi.
Kechada Ozarbayjon Respublika Madaniy markazi raisi Firdousi Guseynov, Qo‘mita ilmiy-amaliy tadqiqotlar, metodika va ekspertiza bo‘limi boshlig‘i Bahtiyor Karimov, butun dunyo ozarbayjonlari muvofiqlashtirish kengashi faxriy a’zosi Mobil Mamedov va boshqalar 1918 yil 28 may kuni Ozarbayjon xalqi tarixida unitilmas voqea yuz berdi – Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tashkil qilindi deb ta’kidlab o‘tishdi. Bu sana xalq tarixida o‘chmas iz qoldirdi va har yili 28 may kuni Respublika kuni sifatida keng nishonlanadi. Ozarbayjon Demokratik Respublikasining e’lon qilinishi – butun Sharq dunyosi, jumladan turk-musulmon dunyosi hududida birinchi huquqiy demokratik davlat sifatida barpo etilganini e’tirof etishdi.

 

 
So‘zga chiqqanlar Ozarbayjon Respublikasi bugungi kunda dunyoning ilg‘or va zamonaviy mamlakatlari qatoridan o‘rin olganini ta’kidlab o‘tishdi. Shu qatorda, turli millat va elat vakillariga o‘zlarining milliy urf-odatlari, madaniyati, san’ati va tillarini o‘rganib, targ‘ib qilishga mamlakatimizda keng imkoniyatlar yaratilganini aytib, respublikamiz rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini izxor etishdi.

 

 
Tadbirning badiiy qismida taniqli kinoijodkor Eldor Mamedovning “Azaliy do‘stlik rishtalari” nomli hujjatli filmi namoyish etildi, rus va ozarbayjon tillarida she’rlar o‘qib eshittirildi, badiiy havaskorlik jamoalar tomonidan kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.