2020 yil

MUTAXASSIS FIKRI: koronavirusning hayvondan odamga yuqishi uchun yetarli ilmiy dalillar mavjud emas

Xabaringiz bor, joriy yilning 15-mart kuni mamlakatimizda COVID-19 koronavirus infeksiyasiga chalingan ilk bemor aniqlangach, ijtimoiy tarmoqlarda yoki odatiy gurunglarda ushbu kasallik xaqida turli xil asosli va asossiz maʼlumotlar paydo boʻla boshladi. Va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Shunday talqinlardan biri, shubhasiz koronavirusning hayvondan odamga yuqishi haqidagi gap-soʻzlardir.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Abror Akbarov bunday xabarlarga oydinlik kiritdi.
– Koronavirus (CoV) – bu RNK (ribonuklein kislotasi) viruslari oilasi hisoblanadi. Virus zarrasi lipid membranasi atrofida oqsillarning oʻziga xos “toj” koʻrinishini hosil qiladi. Shu sababdan mazkur viruslar koronavirus deb ataladi.
Koronavirusning ayrim shtammlari (turlari) zoonoz hisoblanadi, yaʼni odamlar va hayvonlar uchun umumiy hisoblanadi, lekin koʻpchilik shtammlari (turlari) zoonoz hisoblanmaydi.
2019-yil dekabr oyida Xitoy Xalq Respublikasining Uxan shahrida odamlarning nomaʼlum kelib chiqqan pnevmoniya bilan kasallanish holatlari qayd etildi. Keyinchalik mazkur pnevmoniya qoʻzgʻatuvchisi koronavirus ekanligi aniqlandi.
Viruslar taksonomiyasi xalqaro qoʻmitasi tomonidan virus SARS-CoV-2 deb ilmiy nomlandi. Shuningdek, virusni ikkinchi nomi COVID-19 deb ataldi.
Xitoy Xalq Respublikasining Uxan va Xubei provinsiyasiga sayohat qilgan turli davlat fuqarolari mazkur virusni yuqtirib oldi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra koronavirus epidemiyasidan eng koʻp zarar koʻrgan hududlar Xitoy, Yevropa (Italiya, Ispaniya, Germaniya, Fransiya, Shveysariya), Eron, Janubiy Koreya, Amerika Qoʻshma Shtatlari hisoblanmoqda.
– COVID-19 kasalligining kelib chiqishiga hayvonlar sababchimi?
– Bugungi kunda koronavirusning faqat odamdan-odamga yuqish holati kuzatilmoqda.
COVID-19 virusining dastlabki odamga yuqish manbasi hayvonlar boʻlishi mumkin. Ammo bugungi kunga qadar ushbu manbani aniqlash yoki hayvonlardan odamlarga yuqish yoʻlini tushuntirish uchun yetarli ilmiy dalillar mavjud emas.
Genetik tahlillar shuni koʻrsatadiki COVID-19 virusi Rhinolophus (Horseshoe Bat) populyatsiyasida topilgan boshqa koronaviruslarga yaqin hisoblanadi.
Hayvonlarni virus tashuvchisi ekanligini tadqiq qilishning ustuvor yoʻnalishlari Xalqaro Epizootik Byuroning COVID-19 boʻyicha maslahat guruhi tomonidan muhokama qilindi va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tadqiqot va innovatsiyalar boʻyicha global forumida (2020-yil 11-12-fevral) eʼlon qilindi. Unga koʻra, virus tarqatuvchi manba hayvonlar ekanligi boʻyicha ilmiy dalillar yetarli emas.
– Tirik hayvon yoki ularning mahsulotidan foydalanishda ehtiyot choralari belgilanganmi?
– COVID-19 virusining kelib chiqishi toʻgʻrisida noaniqliklar mavjud boʻlsada Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiya etganidek, tirik hayvon bozorlariga yoki hayvonlar mahsulotini sotadigan bozorlarga tashrif buyurganda umumiy gigiyena choralari qoʻllanilishi zarur boʻladi. Jumladan:
hayvonni qoʻl bilan ushlamaslik, hayvon mahsulotlariga qoʻl tekkizgandan keyin qoʻllarni sovun bilan yaxshilab yuvish, koʻz, burun va ogʻizni qoʻl bilan ushlamaslik;
kasal hayvonlar va ulardan olingan sifati buzilgan mahsulotlar bilan aloqa qilishdan saqlanish;
daydi va qarovsiz hayvonlar (shu jumladan, kemiruvchilar, qushlar, koʻrshapalak va boshqalar) bilan aloqa qilishdan saqlanish;
hayvonlarning chiqindilari yoki tuproqqa tushgan suyuqliklariga tegmaslik choralarini koʻrish;
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan virus tarqalishining oldini olish boʻyicha standart tavsiyalarga amal qilish.
Bulardan asosiy maqsad eng avvalo sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda extiyotkorlikni taʼminlash, qolaversa hayvonlardan oʻtishi mumkin boʻlgan boshqa kasalliklarni yuqtirib olish xavfidan saqlanish hisoblanadi.
– Internetda COVID-19 infeksiyasiga chalingan it haqida xabarlar paydo boʻldiku…
– Shuni alohida taʼkidlash zarurki, COVID-19 virusi odamdan odamga yuqishi natijasida tarqalmoqda.
Bugungi kunga qadar, uy hayvonlari kasallikni tarqatishi toʻgʻrisida hech qanday asosli maʼlumot yoki dalillar mavjud emas.
Toʻgʻri, Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maʼmuriy hududi veterinariya xizmati tomonidan 2020-yil 9-mart kuni Xalqaro Epizootik Byuroga kasallikka chalingan egasi bilan yaqin aloqada boʻlgan itda COVID-19 virusining genetik izlari topilganligi toʻgʻrisida xabar berildi. Lekin bu bugungi kunda yagona holat boʻlib, dunyoning boshqa mamlakatlarida kuzatilmadi.
Oʻtkazilgan IFA usuli orqali tekshiruv natijasida itda
COVID-19 virusidan genetik material mavjudligini koʻrsatgan.
Itda esa kasallikning xech qanday klinik belgilari kuzatilmagan.
Shunday boʻlsada it 14 kunlik karantinga olingan va karantin muddati tugagandan soʻng undan olingan namunalarda kasallik virusi aniqlanmagan va it egasiga qaytarib berilgan.
Odamlarning koronavirus (COVID-19) kasalligi tarqalishida itlarning vositachiligi yoki ularning kasallanishi haqida hech qanday dalillar mavjud emas.
Insonlarning COVID-19 kasalligi turli hayvonlarga taʼsir qilishi mumkinligini aniqlash uchun atroflicha ilmiy-tadqiqotlar olib borish talab etiladi.
Bulardan kelib chiqib, uy hayvonlari insonlar sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan xavotir yoki hayvonlar sogʻligʻini saqlash choralarini koʻrish uchun hech qanday sabab yoʻq.
Hayvonlarni parvarishlash, ular bilan bevosita munosabatga kirishishda har doim umumiy gigiyena qoidalariga amal qilish muhim hisoblanishini hech qachon yoddan chiqarmaslik kerak.
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish davlat qoʻmitasi
Axborot xizmati