2020 год glavnaya Популярные новости Мероприятия

18-oktyabr – Ozarbayjon Respublikasining Mustaqillik kuni

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Erksizlikda oʻtgan har bir daqiqaning azobi ogʻir, mashaqqati koʻp. Ozarbayjonliklar oʻz hududiy sarhadlari daxlsizligi, erki va dini uchun uzoq vaqt kurashdi. Bu yoʻlda zahmatkash xalq juda koʻp sinovlarga duch keldi, yoʻqotishlarga roʻbaroʻ boʻldi.
Lekin har qanday kechmishlarda ham ozod boʻlish, mustaqil yurtga aylanish orzusi oʻlmadi. Yashadi, yashayverdi.
Bundan roppa-rossa 101-yil avval, aniqrogʻi 1918-yil 28-may kuni Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tashkil topdi. Musulmon Sharqida birinchi dunyoviy davlat dunyoga keldi.
“Ozarbayjon mustaqillik deklaratsiyasi”da mamlakat mustaqilligi rasmiy eʼlon qilindi. Shubhasiz, mazkur sana Ozarbayjon tarixida yorqin va shonli sahifa boʻlib muhrlandi. Ammo maʼlum tarixiy sabablarga koʻra, ODR atigi 23 oy umr koʻrdi.
Biroq mana shu qisqa davr bugungi mustaqil Ozarbayjon uchun kuchli poydevor boʻldi. Ozarbayjon SSR Oliy Kengashining 1991-yil 18-oktyabrida oʻtgan sessiyasida “Ozarbayjon Respublikasining davlat mustaqilligi toʻgʻrisida”gi konstitutsion akt qabul qilindi.
Shu tarzda Ozarbayjon oʻz mustaqilligini tikladi. Ozarbayjonning milliy ramzlari – bayroq, gerb va madhiyasi qayta tirildi. Shundan buyon xalqaro siyosat maydonida Ozarbayjon suveren respublikasi oʻz oʻrni, oʻz ovoziga ega boʻlib kelmoqda.
– Biz, Oʻzbekistonda yashayotgan ozarbayjonliklar oʻsha vaqtdan buyon mustaqillik bayramimizni shu yurtda emin-erkin, katta shodiyonalar bilan nishonlab kelayapmiz, – dedi Ozarbayjon milliy madaniyat markazi faoli Ismoil Hamidov. – Bu kunda oʻzbek birodarlarimiz quvonchimizga sherik boʻlishi yanada yoqimli. Biz oʻzbek xalqining bir boʻlagimiz. Makonimiz, Vatanimiz – Oʻzbekiston. Bu katta baxt. Men mana shunday bagʻrikenglik, mustahkam doʻstlik uchun oʻzbek xalqiga, Oʻzbekiston hukumatiga millatdoshlarim nomidan minnatdorlik izhor qilaman.
Ozarbayjon urf-odatlari, qadriyatlari, sanʼat va madaniyati Oʻzbekiston ahli uchun ham qadrli. Masalan “Arshin mol-alan”, “Qaynona” filmlari har bir oʻzbek oilasi uchun sevimli. Ikki suveren birodar mamlakatlar – Ozarbayjon va Oʻzbekiston ishonchli doʻst, yaqin hamkor. Bunday azaliy rishtalar abadiy boʻlishi shubhasiz.

 

Feruza Mirzakomilova, OʻzA