2022 yil bosh-sahifa

30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan Do‘stlik videoroliklar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi

Mustaqil O‘zbekistonda millatlar va konfessiyalararo totuvlik va o‘zaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bag‘rikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani muhrlab qo‘yilgan. Ularga o‘z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Ma’lumki, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yil 10 fevralda qabul qilingan qonunga asosan O‘zbekistonda 30 iyul sanasi Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Bu bayramning ta’sis etilishi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olindi.

Mazkur sanani munosib nishonlash maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga yurtimizda 30 iyul – 7 avgust kunlari Do‘stlik festivali o‘tkazilmoqda.

Festival doirasida “Do‘stlik” videoroliklar tanlovi tashkil qilindi.

Tanlovni tashkil qilishdan maqsad – yoshlarni boshqalar dunyoqarashiga nisbatan bag‘rikeng va do‘stona munosabatda bo‘lish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
– respublikada faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar
va do‘stlik jamiyatlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash,
ular duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
– dunyo mamlakatlari, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari bilan samimiy do‘stlik va ahil qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash;
– aholida millatchilik, radikalizm, ekstremizm, ksenofobiya g‘oyalari va boshqa tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash;
– O‘zbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlarga doir davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan islohotlarning mazmun-mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish va yurtimiz imijini yanada oshirishdan iborat.

Tanlov ikki nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkazildi:
1. “Do‘stlikni tarannum etgan eng yaxshi rolik”.
2. “Millatlararo totuvlik aks ettirilgan eng yaxshi ko‘rsatuv, reportaj, film”.
Respublikamizning barcha hududlaridan 88 ta ijodiy ishlar qabul qilindi.
Tanlov g‘oliblari hay’at a’zoligiga hamkor tashkilotlardan taklif etilgan mutasaddi xodimlar tomonidan aniqlandi.

Joriy yilning 4 avgust kuni poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida Do‘stlik videoroliklar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etildi. Tadbirda Qo‘mita rahbariyati va xodimlari, tanlov ishitirokchilari, respublikada faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar, taklif etilgan mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov yurtimizda 30 iyul – xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tashkil qilingan “Do‘stlik” festivali doirasida bugungi kunda O‘zbekistonning barcha hududlarida turli madaniy, ma’naviy-marifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar ko‘tarniki ruhda o‘tkazilayotganini qayd etdi. Shuningdek u so‘nggi yillarda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘pmillatli oila tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar xususida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev tanlov ishtirokchilarini qizg‘in qutlab, bugungi tanlov jamiyatimizning muhim sohalari bo‘lgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikka bag‘ishlangannini aytib, uning ahamiyat ulkan ekanini e’tirof etdi.

O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi Bosh direktori Abror Po‘latov bunday tadbirlarning o‘tkazilishi yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

 

Shundan so‘ng, tanlov hakamlar hay’ati raisi O‘zMTRK “O‘zbekiston” telekanali “Do‘stlik” studiyasi rahbari Juramurat Boborahmatov ishtirokchilarni ijodiy ishlarni baholash mezonlari bilan tanishtirib, g‘olib bo‘lgan videoroliklarni e’lon qildi.
Har ikki nominatsiyada g‘olib bo‘lgan 1 o‘rin sohiblari 25 million so‘m, 2 o‘rin 20 million so‘m, hamda 3 o‘rin sohiblari 15 million so‘mdan pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, 5 ta rag‘batlantiruvchi o‘rin sohiblari ham e’lon qilindi. Ular 10 million so‘mdan pul mukofotiga ega bo‘lishdi.

 

Tadbirda so‘z olgan ishtirokchilar ushbu tanlov tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etib, bu kabi tadbirlar yurtimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynashini e’tirof etishdi.
Anjuman doirasida tanlovda g‘olib bo‘lgan videoroliklar yig‘ilganlar etiboriga havola etildi.

Qo‘mita matbuot xizmati.