2022 yil bosh-sahifa

A.Z.VALIDIY NOMLI TOSHKЕNT SHAHAR BOSHQIRD JAMOAT-MADANIY MARKAZINING 30 YILLIK YUBILЕY TANTANALARI YUQORI DARAJADA O‘TDI

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 16-18 may kunlari Mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston va Boshqirdiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stona va yaqin rishtalarni mustahkamlash maqsadida A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi tashkil etilganining 30 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan bayram tadbirlari o‘tkazildi.

Qayd etish joiz, A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi faoliyati boshqird xalqining madaniy merosi, an’analari, urf-odatlari va ona tilini yanada rivojlantirish va asrab-avaylash, boshqa milliy madaniy markazlar bilan hamkorlik qilish, millatlararo totuvlik, tinchlik va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Ishlab chiqilgan yubiley dasturining so‘nggi kuni doirasida, joriy yilning 18 may kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil qilindi.

Unda Rossiya Federatsiyasidan kelgan mehmonlar xususan, Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Qo‘mita hovlisidan mehmonlar e’tiboriga bayramona bezalgan boshqird milliy o‘tovi hamda ijodiy jamoalar tomonidan tayyorlangan konsert chiqishlari havola etildi. Mehmonlar Handugastar, Lyaysan, Ag‘idel ansambllariga ijobiy baho berishdi.

 

 

 

Shundan so‘ng, Qo‘mita majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilib kelayotgan boshqird millati vakillari bilan uchrashuv tashkil qilindi. Unda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov yig‘ilganlarni qutlug‘ sana bilan yana bir bor samimiy tabriklab, markaz faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

 

 

 

 

Tadbirda yurtimizga tashrif buyurgan Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov O‘zbekistonda milliy madaniy markazlar faoliyatiga berilayotgan e’tiborni yuqori baholadi. Shuningdek u, A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan diaspora vakillariga tabrigini izhor qildi.

Tadbir doirasida boshqird xalqining madaniy merosi, an’analari, urf-odatlari va ona tilini yanada rivojlantirish va asrab-avaylashga hissa qo‘shgan A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazining bir guruh faollariga Boshqirdiston Respublikasining turli davlat mukofotlari topshirildi. Shundan so‘ng, mehmonlar A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi faoliyati bilan tanishishdi.

 

 

 

Tadbir yakuni savol-javob formatidagi uchrashuv bilan davom etdi. Qayd etish joiz, o‘tkazilayotgan tadbirlar O‘zbekiston zaminida millatlararo totuvlik, do‘stlik va tinchlikni mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.