Qozoq mumtoz adabiyotining asoschisi Abay Qo‘nonboyevning 175 yilligi keng nishonlanmoqda. Ushbu sana munosabati bilan Namangan davlat universiteti professori Qodirjon Nosirovning «Мудрое слово Абая» («Abayning dono so‘zi») nomli kitobi chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri O‘zA manbasiga asoslanib.
Kitob Toshkentdagi “Donishmand ziyosi” nashriyoti tomonidan chop etildi. Ushbu nashr O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Ijod” jamoatchilik jamg‘armasi homiyligida amalga oshirildi.
Mutafakkir shoirning ijodi nafaqat qozoq xalqining, balki butun Markaziy Osiyo xalqlarining tarixida yorqin sahifadir. O‘zbek kitobxonlari uning asarlarini azaldan sevib o‘qishadi.
Prezidentimizning 2018 yil 13 martdagi «Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida»gi qarori xalqimizning qardosh qozoq xalqi adabiyoti, buyuk adibiga bo‘lgan ehtiromning yorqin namunasi bo‘ldi.
Mazkur qaror adabiy jamoatchilik, adabiyotshunos olimlarning Abay ijodini o‘rganish bo‘yicha izlanishlarida yangi sahifalar ochilishida muhim omil.
Ta’kidlash kerak, Q.Nosirov avval ham Abay ijodi haqida bir necha maqola va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar e’lon qilgan edi. Adabiyotshunos olim «Мудрое слово Абая» da mavjud manbalarga asoslangan holda, buyuk adibning qozoq adabiyoti va madaniyati tarixida tutgan o‘rni, uning adabiy merosining g‘oyaviy, estetik qiymati, o‘ziga xosligi masalalari ustida fikr yuritgan.
Chunonchi, Q.Nosirov Abayning lirikasi, dostonlari va katta falsafiy-axloqiy ahamiyatga ega bo‘lgan «Hikmatlar»ini tahlil qilar ekan, mazkur uch badiiy turga oid asarlar aslida g‘oyaviy yaxlit, monumental badiiy qiymatga ega bo‘lgan ijod ekanligini aytadi. Epos va hikmatlar vatanparvarlik ruhidagi lirikada ko‘tarilgan g‘oyalarni yanada yorqinroq, chuqurlashtirib ochib berayotganligiga urg‘u beradi.
Shu bilan birga, Abay Sharq dostonchilik an’analarini ham ma’lum darajada yangilaganini ta’kidlaydi tadqiqotchi. Ayni paytda olim shoir lirikasida ko‘tarilgan mehr-muhabbat, insoniylik, burch, johillik, ochko‘zlik, molparastlik kabi tushunchalar poema va nasihatlarda chuqurlashib, yorqinlashib borishini ko‘rsatib bergan. Tahlil qilingan asarlardan chiqarilgan xulosalar yangiligi bilan e’tiborga loyiq. Abayning chet tillarni va ona tilini o‘zlashtirishga doir fikrlarida ham bugungi kunda dolzarb bo‘lib qolayotgan qirralari ochib berilgan.
Q.Nosirov kitobining yana bir e’tiborli jihati shundaki, muallif qozoq adabiyoti va madaniyati rivojida Abayning tarjimonlik faoliyatining roli xususida oz bo‘lsa-da, lekin ta’sirli fikr bildirgan. Shu bilan birga, muayyan misollar bilan Abay asarlarini rus va o‘zbek tillariga tarjimalarida uchraydigan nomunosibliklar haqida ishonarli xulosalar qiladi.