2021 yil glavnaya Yangi O'zbekiston

Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatri solistlari bilan “Sahnada opera” mavzusidagi ijodiy uchrashuv

2021 yil 5 may kuni Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Toshkent shahar “Svitanak” Belarus milliy madaniy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi A.E.Slonim va Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri solistlari bilan “Sahnada opera” mavzusidagi ijodiy uchrashuv tashkil etildi.

Tadibirda Qo‘mita mas’ul xodimlari, milliy madaniy markazlar faollari, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri solistlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Ijodiy uchrashuvni tashkil etishdan maqsad – opera xonandalarining tomoshabinlarga sezilmas qirralari, ijodi, yangi qiziqarli loyihalar to‘g‘risida tomoshabinlarga ma’lumot berish va shu orqali ma’naviy rivojlanishga hissa qo‘shishdan iborat. Tadbirda har bir millat va davlatning ma’naviy rivojlanish darajasi avvalo uning madaniyati, adabiyoti va san’atida, shu jumladan teatrda aniq namoyon bo‘lishini shu ma’noda ushbu tadbir ahamiyatli ekanligi qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, Andrey Yevseyevich Slonim — Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi ko‘plab opera spektakllari uchun ssenografiya muallifi sanaladi. Tadbir davomida yetakchi rejissyor opera san’atiga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Ijodiy uchrashuv tomoshabinni opera san’atiga rejissyor va ijrochilar nigohi bilan qarashga, so‘zlar bilan ifoda etib bo‘lmaydigan hissiyotlarni qo‘shiq orqali qanday ifodalash mumkinligini tushunishga chorladi.

Tadbir yakunida Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri solistlari ijrosidagi konsert dasturi tomoshabinlarda katta taassurotlar qoldirdi.
Qo‘mita axborot xizmati