bosh-sahifa

Amir Temur va Temuriylar davlatida xalq diplomatiyasi

Sohibqiron Amir Temurning milliy ma’naviyatimiz, xalqimiz va ayniqsa yosh avlodning buyuk ajdodlarimiz boy merosiga bo’lgan ahamiyati cheksizdir. Ushbu jixatlar yurtimiz bo’ylab keng nishonlanayotgan Buyuk Sohibqiron tavallud topgan kunining 682 yilligiga bag’ishlangan tadbirlarda o’z aksini yanada yorqin namoyish etmoqda.

An’anaga ko’ra 9 aprelь kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida tantanali tadbir bo’lib o’tdi. Unda parlament a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
So’zga chiqqanlar Amir Temur tavallud topgan kunini yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda keng nishonlash ezgu an’anaga aylanganini ta’kidlashdi. Ular Amir Temur nafaqat o’z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, balki o’z vaqtida Osiyo va Evropa qit’alarida ro’y bergan tarixiy o’zgarishlarga hal qiluvchi ta’sir ko’rsatib, dunyo sivilizasiyasi rivojiga beqiyos hissa qo’shgan buyuk bunyodkor bo’lganini ta’kidlashdi.

So’ng Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gulchambarlar qo’yish marosimi bo’lib o’tdi. Ishtirokchilar qatorida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi rahbariyati va xodimlari, shuningdek Milliy madaniy markazlar rahbarlari va a’zolari ham Amir Temur bobomiz shaxsiga hurmat bajo aylab, haykal poyiga tirik gullar qo’yishdi.

Tadbirning rasmiy qismidan so’ng Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Amir Temur va Temuriylar davlatida xalq diplomatiyasining roli” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo’lib o’tdi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va horijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi hamda O’zRFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomonidan tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, chet el vakolatxonalari xodimlari, olimlar, ijodkorlar, hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi raisi Rustam Qurbonov o’zining kirish so’zida anjumanda qatnashchilarini qizg’in qutlab, Amir Temur nafaqat o’z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, balki o’z vaqtida Osiyo va Evropa qit’alarida ro’y bergan tarixiy o’zgarishlarga hal qiluvchi ta’sir ko’rsatib, dunyo sivilizasiyasi rivojiga beqiyos hissa qo’shgan buyuk bunyodkor bo’lganini ta’kidladi. Xalq diplomatiyasini xalqlar va millatlar o’rtasidagi tinchlik va do’stlik elchisi deyish mumkin. Masalan, qadimgi Buyuk Ipak Yo’lida joylashgan mamlakatimiz asrlar davomida xorijiy mamlakatlar bilan savdo-sotiq, madaniy va siyosiy munosabatlarni shakllantirib o’zaro diplomatik aloqalarini tiklagan. Bu jarayon, ayniqsa Buyuk davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur davrida rivoj topgan va turli xalqlar va millatlararo do’stona aloqalarni rivojlanganligida yurtimizda xalqlar do’stligi namunasi sifatida xalq diplomatiyasi xususiyatlarini namoyon etgani hususida gapirib o’tdi.

O’zFA vise prezidenti Bahrom Abduhalimov o’z nutqida Amir Temur nomi O’rta asr davrining buyuk namoyondasi sifatida dunyoda tanilgan. Bizning mamlakatimiz Sohibqiron hayoti va faoliyatini O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan chuqur o’rganilib, ilmiy izlanishlar orqali keng jamoatchilikka etkazilmoqda dedi. U Amir Temur haqida so’z borganda hech shubhasiz, bu nom istiqlol tufayli xalqimizga qaytarib berilganini, mamlakatimiz rahbariyatining Amir Temur siymosiga ko’rsatayotgan yuksak hurmat-ehtiromi bilan tarixiy adolat tiklanganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Tadbirda Qozog’iston va Xitoy xalq Respublikalari elchilari so’zga chiqib, Evroosiyo hududida ulkan saltanat barpo qilgan Amir Temur shaxsi va faoliyatiga qiziqish xalqaro maydonda tobora ortib borayotgani haqida so’z yuritishdi.

YUNESKOning O’zbekistondagi vakili Dendev Badarch o’z nutqida 22 yil ilgari YUNESKO tashabbusi bilan Parijda Buyuk Amir Temur tavalludining 660 yilligi keng nishonlanganligini eslatib o’tdi. Xalqaro konferensiya doirasida A.Temurning dunyo sivilizasiyasi va ilm-fan, madaniyat ravnaqiga qo’shgan ulkan hissasi e’tirof etilgani haqida gapirib, bugungi kunda Temuriylar davri poytaxti Samarqand shahrining dunyo madaniy merosi ro’yxatiga kiritilishi ham yurtingizga bo’lgan hurmat va extiromni bildiradi deb ta’kidladi.
Tadbirda Temuriylar tarixi davlat muzeyining katta ilmiy xodimi Omonullo Bo’riev “Amir Temur diplomatiyasidan ayrim lavhalar” nomli maruzasi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va horijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi ilmiy tadqiqot, metodika va ekspertiza bo’limi boshlig’i Bahtiyor Karimovning “Amir Temurning jahon tarixida tutgan o’rni haqida jahon informasion tizimi va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlar” hamda Qo’mitaning bosh mutaxassisi Ne’matjon Polvonovning “Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sad’ayn va majmai bahrayn” asari – Temuriylar davri diplomatik aloqalarini o’rnatishda muhim manba” nomli ma’ruzalari tinglandi.

Shunngdek, Xalqaro Amir Temur hayriya jamg’armasining Qozog’istondagi bo’limi rahbari Ikrom Xoshimjonov Qozog’iston respublikasida 2018 yil O’zbekiston yili deb e’lon qilinishi katta tarixiy ahamiyatga ega voqea bo’ldi dedi. Bugun bu ikki qardosh xalq bir-biriga quchoq ochib, yaxshi qo’shnichilik va do’stlik an’analarini izchil davom ettirmoqda. Shu yil mart oyida 30 kishidan iborat bir guruh yozuvchilar, olimlar va jamoat arboblari janubiy Qozog’istonda joylashgan Amir Temur bilan bog’liq tarixiy shaharlarga ziyorat qilib kelishganini ta’kidlab o’tdi.

So’zga chiqqan tarixchi-olimlar Amir Temur diplomatiyasining ayrim lavhalari, uning jahon tarixidagi tutgan o’rni, milliy davlatchilikka, ta’lim va madaniyat, o’z davlati rivojiga ulkan xissa qo’shgan buyuk shaxs sifatidagi rolining muhimligi haqida gapirdilar. Anjumanda taniqli san’atkorlar tomonidan badiiy chiqishlar ijro etildi.
So’ng, tadbir ishtirokchilari Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Tangalarda aks etgan tarix” nomli ko’rgazma bilan tanishib chiqishdi.