2021 yil bosh-sahifa Fotoreportajlar Yangi O'zbekiston

«Bag‘rikenglik haftaligi» doirasidagi tadbirlar yakunlandi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab 15-21 noyabr kunlari “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazildi.

Haftalik davomida butun O‘zbekiston bo‘ylab turli madaniy, ma’naviy-marifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Dastur doirasida 20 noyabr kuni Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi poytaxtimizdagi do‘stlik bog‘ida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostidagi qardosh xalqlar yozuvchi, shoir va rasssomlarining badiiy asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi, Milliy madaniy markazlar raislari va faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirning asosiy maqsadi – o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga Vatanga muhabbat va uning taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashdan iborat.

Tadbirda Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azamat Toshev barcha yig‘ilganlarni ushbu qutlug‘ bayram bilan qizg‘in tabriklab, bir necha kundan buyon mamlakatimizda tashkil etilgan “Bag‘rikenglik haftaligi” xususida ma’lumot berdi: “Bu tadbirlar davlatimiz tomonidan barcha millatlar ravnaqi, millatlararo munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratishga qaratilgan milliy siyosatning namunasidir. Xalq hunarmandchilik ko‘rgazmalari, konsert dasturi, yozuvchilarining asarlari turli xalqlarning madaniyati, turmush tarzi va qalb go‘zalligi xaqida yaxlit tasavvur qilish imkonini beradi. Shu ma’noda bunday ko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar milliy an’analarni asrab-avaylash va rivojlantirish, adiblar merosini kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi” dedi u.

O‘zbekiston rus milliy madaniy markazi raisi Sergey Mironov mamlakatimizda turli millat yozuvchilari va shoirlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlar xususida so‘z yuritdi.

Tadbirning badiiy qismida milliy madaniy markazlar ijodiy jamoalari ishtirokida kotsenrt dasturi tashkil qilindi. Do‘stlikni tarannum etuvchi turli tillardagi kuy-qo‘shiqlari barchaga ko‘tarinkilik ulashdi.

Milliy madaniy markazlar hamda milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari tomonidan tayyorlangan qardosh xalqlar yozuvchi, shoir va rassomlarining badiiy asarlari ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Turli millat vakillarining ijodiy ishlariga ko‘rgazma mehmonlarda katta tassurotlar qoldirdi.

Tadbirda shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bog‘ hududiga Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi xodimlari va milliy madaniy markazlar faollari tomonidan manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Guldona Avezturdiyeva O‘zbekiston turkman madaniyat markazi raisi:

““Bag‘rikenglik haftaligi” – bu bizning qalbimizga kirgan bayramga aylandi. Do‘stlik bog‘ida haftalikning so‘nggi tadbirlaridan biri tashkil qilindi. Bu bayram ham bizning an’anaviy bayramimizga aylanmoqda. Bugun turli millat vakillari o‘zlarining hunarmandchilik, ko‘rgazmalari bilan milliy kuy-qo‘shiqlari bilan ishtirok etmoqda. Umuman turkman madaniy markazi o‘tkazilgan haftalikda faol qatnashdi. Albatta bu tadbilar biz turli millat vakillarini yanada jipslashtirishga xizmat qiladi. Vatanimiz tinchligiga ko‘z tegmasin deyman.”

Umar Salmonov O‘zbekiston turk madaniy markazi raisi:

“Albatta o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlarning ahamiyati katta. O‘zbek xalqi tarixdan bag‘rikeng xalq. O‘zbekistonda ko‘plab millat vakillari qatori biz turk millati vakillari ham vatan topdik. Hozir bu o‘lka bizning ikkinchi emas, asosiy vatanimizdir! Tadbir doirasida daraxt ko‘chatlarini yerga qadaganimiz ajoyib ish bo‘ldi. Tadbirga yoshlarimizni ham olib keldik. Ularga bu namuna. Daraxtlar ob-havoning toza bo‘lishini ta’minlaydi. Endi biz bu ko‘chatlarni yoshlarimiz bilan birga kelib parvarishlaymiz. Bundan keyin ham daraxt ko‘chatlarini yana ekishni mo‘ljallayapmiz.”