Oʻzbek-qirgʻiz xalqining mushtarak hayot yoʻli asrlar osha bardavomlik kasb etayotganining sabablari koʻp. Qon-qarindoshlik, oʻzaro doʻst-birodarlik, savdo va madaniy hamkorlik ikki xalq taqdirini tutashtirgan uzilmas rishtalardir.
Bugun Fargʻona viloyatiga Qirgʻiziston Respublikasining Botken viloyatidan kelgan bir guruh nuroniylar tashrif avvalidayoq shu ezgu haqiqatni eʼtirof etishdi.
Avvalo, ikki mamlakat Prezidentlarining doʻstlik va birdamlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlari, qolaversa, ikki chegaradosh viloyatlar rahbarlarining mushtarak tashabbuslari bilan qardoshlarimizning Fargʻona zaminiga sayohati uyushtirildi.
Dastlab mehmonlar Margʻilon shahridagi Hunarmandlar markaziga tashrif buyurdi. Azaldan asrab-eʼzozlanib kelinayotgan, yana-da goʻzal va betakror sayqallar bilan boyitilib, qadri ulugʻlanayotgan milliy matolarning yaralish jarayoni koʻpni koʻrgan nuroniylarni hayratda qoldirdi. Ular ipakning tayyorlanishidan tortib, milliy buyum va liboslar, nodir gilamlarning dunyoga kelishi mehnatsevar, hunarda mohir oʻzbek xalqining iqtidoridan, ijodkor yuragidan nishona ekanligini toʻlqinlanib gapirishdi.
– Milliy hunarmandchilik Sharq xalqlarining alohida faxri va iftixoridir. Bu borada oʻzbek xalqiga, uning qoʻli gul ustalariga havas qilca boʻladi, – deydi delegatsiya yetakchisi, Qadamjoy tumani deputatlar kengashi raisi Gʻulomjon Matajiyev. – Fargʻonani aynan mana shu manzildan boshlab ziyorat qilayotganimizning boisi ham shu. Aslida, oʻzbek xalqi hunari, mehnatsevarligi, qadriyatlarga boʻlgan yuksak hurmati, mehmondoʻstligi, oilaviy qadriyatlarning mustahkamligi bilan dunyo xalqlari uchun ibrat timsoliga aylangani bizning ham gʻururimiz.
Mehmonlar Raqamli texnologiyalar markazida milliy anʼanalar asosida karnay-surnay, non-tuz bilan qarshi olindi. Nuroniylar respublikada ikkinchi boʻlib ochilgan markazning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Margʻilon shahridagi “Yodgorlik” korxonasiga sayohat Fargʻona sanoat turizmi rivojini koʻrsatibgina qolmasdan, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xalqaro brend darajasiga yetkazayotgan usta-hunarmandlarning bugungi orzu-maqsadlari mehmonlarda samimiy havas hissini uygʻotdi.
– Bu milliy doʻppilarni qirgʻiz qiz-oʻgʻlonlari ham rohat bilan kiyishgan, – deydi Zuhraxon ona Abdurazzoqova. – Yoshligimizning eng goʻzal damlarini atlas kiyib oʻtkazganmiz. “Yodgorlik” majmuasidagi milliy libos va doʻppilar oʻsha qadrdon yillarimizni yodga soldi va oʻzbek xalqiga boʻlgan mehr-muhabbatimizni yana-da oshirdi.
Margʻilonliklar mehmonlarga milliy matolar toʻplamlarini hadya qildi. Shahardagi Pur Siddiq majmuasiga tashrif ham qirgʻizistonlik nuroniylarning qalbiga ajib harorat olib kirdi.
Mehmonlar “Oltin vodiy” metall mahsulotlari korxonasida ham boʻlib, Markaziy Osiyoda birinchilardan boʻlib katta quvvat bilan ishga tushirilgan, oʻz navbatida Fargʻonaning iqtisodiy salohiyati ifodasiga aylanayotgan korxona faoliyatini koʻzdan kechirishdi. Korxona rahbari Erkinjon Yunusov 4 ta ishlab chiqarish majmuasi bilan tanishtirar ekan, bu yerda ishlab chiqarilayotgan oʻndan ortiq turdagi metall mahsulotlariga Qirgʻiziston ham asosiy xaridor ekanligini taʼkidladi.
Qadamjoyning Oqturpoq qishlogʻilik Abdusalom ota Qoʻldoshev asli Rishton tumanida tugʻilib, voyaga yetgan. Uning ota yurtiga tashrifi unutilmas, baxtli onlarni tuhfa etdi. Fargʻona farzandi oʻzining 37 yillik doʻsti, rishtonlik Abdumutal Abdurahimov bilan shu bugun qayta koʻrishdi.
Kunning ikkinchi qismida nuroniylar Islom Karimov nomidagi viloyat Teatr-konsert saroyi, Fargʻona tumanidagi “Ekokerama” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ham boʻldilar.