O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasida «Yevropa Ittifoqi — O‘zbekiston» do‘stlik guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosim xorijiy ommaviy axborot vositalari, xususan, Qozog‘istonning «Kazinform» xalqaro axborot agentligi tomonidan keng yoritildi.
Tadbirda mamlakatimizning Belgiyadagi elchisi Dilyor Hakimov, Yevropa parlamenti a’zosi Fulvio Martushelo va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Peter Burian ishtirok etdi.
Do‘stlik guruhining asosiy vazifasi O‘zbekiston kelajagi yo‘lida unga hamrohlik qilish va qo‘llab-quvvatlash, mamlakat zamonaviy qiyofasini keng xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iboratdir. «YEI — O‘zbekiston» do‘stlik guruhini yaratish tashabbuskorlari O‘zbekiston xalqining madaniyati va mehmondo‘stligini qadrlovchi taniqli siyosatchilar, jamoat arboblari, ekspertlar va jurnalistlardir.
Hujjatni tantanali ravishda elchi Dilyor Hakimov va Belgiyaning «Diplomatic World» nashri vakili Barbara Ditrix imzoladi. Shuningdek, Belgiyaning o‘zbek hamjamiyati va diplomatik doiralari vakillari do‘stlik guruhi tashkil etilgani va Navro‘z bayrami bilan qutladi.
Tadbir mehmonlari o‘zbek oshxonasining an’anaviy taomlaridan bahramand bo‘ldi, zamonaviy O‘zbekiston haqidagi fotoko‘rgazma, o‘zbek paxtasidan tayyorlangan milliy va zamonaviy kiyimlar ko‘rgazmasini tomosha qildi.