bosh-sahifa

Buyuk adib byusti oʻrnatildi

Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-umumtaʼlim maktabida Chingiz Aytmatov byusti oʻrnatildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmalari, Respublika qirgʻiz milliy madaniy markazi, Toshkent viloyati hokimligi masʼullari, shoir-yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Chingiz Aytmatov – asarlari 180 dan ortiq tilga ming martadan ziyod tarjima qilingan jahonga mashhur buyuk adib, ayniqsa, mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yoʻlida fidokorona faoliyat yuritgan ulkan ijodkor ekani taʼkidlandi. Prezidentimizning joriy yil 2-apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida“gi qarori xalqlarimiz oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlash, adabiyot, madaniyat sohasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida qayd etildi.

Установлен бюст великого писателя
Darhaqiqat, atoqli adib nafaqat qirgʻiz elining, balki oʻzbek xalqining ham sevimli ijodkori edi. Uning “Yuzma-yuz”, “Sarvqomat dilbarim”, “Boʻtakoʻz”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yoʻli”, “Alvido, ey Gulsari”, “Sohil boʻylab chopayotgan olapar”, “Oq kema”, “Qiyomat”, “Jamila”, “Asrga tatigulik kun” kabi asarlari oʻzbek kitobxonlari qalbidan chuqur joy olgan.

Tadbirda maktab oʻquvchilari bilan ijodiy uchrashuv oʻtkazilib, Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodi, durdona asarlari, oʻzbek xalqi va adabiyotiga boʻlgan samimiy va doʻstona munosabati toʻgʻrisida fikr yuritildi.

380 nafardan ortiq oʻquvchi taʼlim-tarbiya olayotgan ushbu maktab kutubxonasiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Chingiz Aytmatov, shuningdek, oʻzbek adiblari qalamiga mansub 100 ta kitob sovgʻa qilindi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan musiqiy dastur mehmonlar va 800 nafardan ziyod qirgʻiz millatiga mansub yurtdoshlarimiz istiqomat qilayotgan Qirgʻizovul mahallasi aholisiga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Gʻ.Ibragimov soʻzga chiqdi.

photo5222319012757744038.jpg

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA