Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Chingiz Aytmatov koʻchasida buyuk adib va jamoat arbobi xotirasiga atab oʻrnatilgan yodgorlik – barelyef ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Qirgʻizistondan kelgan delegatsiya vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, milliy madaniyat markazlari, diplomatik korpus vakillari, yozuvchi va shoirlar, yoshlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Qirgʻiziston madaniyat, axborot va turizm vaziri oʻrinbosari Baqtbek Sekimov va boshqalar buyuk maʼrifatparvar adib nafaqat qirgʻiz eli, ayni paytda butun turkiy mamlakatlar, jumladan, oʻzbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo ekanini taʼkidladi. Prezidentimizning 2018 yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan mamlakatimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston” nomli xotira kitobi, adib asarlari toʻplami chop etildi. Asarlari asosida yangi spektakllar sahnalashtirildi.
– Bugun Toshkent shahrida katta bayram. Oʻzbek va qirgʻiz xalqi oʻrtasida doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilgan Chingiz Aytmatovga oʻrnatilgan yodgorlik ochilmoqda, – deydi Qirgʻiz milliy yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Nurmanbek Tinchlikbek. – Adib mintaqamiz tinchligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashda fidokorona mehnat qildi. Oʻzbekistondek jannatmonand diyorda buyuk adibimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida yaratilayotgan hujjatli filmlar, yozuvchi asarlari asosida yangi spektakl sahnalashtirilayotgani, Toshkent shahrining markaziy koʻchalaridan biriga adib nomi berilgani bizni juda quvontiradi. Uning serqirra ijodi ikki qardosh xalq oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Adibning qariyb barcha asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan. Uning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Boʻtakoʻz”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yoʻli”, “Alvido, Gulsari” kabi koʻplab asarlari kitobxonlarning yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlgan.


Tadbirda adib yodgorligi poyiga gul qoʻyilib, buyuk siymo xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Uning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuygʻulari yuksak pardalarda tarannum etilgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati xususida soʻz yuritildi.
Shu kuni Oʻzbek milliy akademik drama teatrida Chingiz Aytmatov xotirasiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi X.Sultonov, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov va boshqalar atoqli adibning boy ijodi, ibratli hayot yoʻli va ijtimoiy faoliyati, milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga, dunyo xalqlari maʼnaviyatini yuksaltirishga qoʻshgan ulkan hissasi haqida soʻz yuritdi.


Ikki qardosh xalq vakillari ishtirokida oʻtkazilgan mazkur tadbir Chingiz Aytmatovga cheksiz hurmat va ehtirom namunasidir. Adib nafaqat qirgʻiz eli, ayni paytda butun turkiy mamlakatlar, jumladan, oʻzbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo edi.
– Prezidentimizning qarori nafaqat qirgʻiz xalqining buyuk yozuvchisiga, balki butun adabiyot ahliga koʻrsatilgan hurmatning namunasidir, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev. – Mazkur qaror oʻzbek xalqi uchun aziz va qadrli siymo, buyuk adib, ijodkorga yuksak hurmat-ehtirom ramzi sifatida qardosh qirgʻiz xalqi bilan yaqin qoʻshnichilik va doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashda, adabiyot, madaniyat sohasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Atoqli adib nafaqat qirgʻiz elining, balki butun dunyoning buyuk shaxsi, oʻz soʻzi, oʻrni, qadr-qimmati yuksak inson edi. Uning koʻplab asarlari butun dunyoda kitobxonlar eʼtirofiga sazovor boʻlgan.


Davlatimiz tomonidan “Doʻstlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangani ham shundan dalolat beradi.
Atoqli yozuvchi shaxsi, hayoti va ijodi yosh adiblarimiz uchun yuksak ibrat namunasi hisoblanadi.


Adib xotirasiga bagʻishlangan ilmiy konferensiyalar, mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etilayotgani adib timsolida butun qirgʻiz xalqiga koʻrsatilayotgan hurmatning ifodasidir.
Tadbirda “Ikki elning suyukli farzandi” nomli hujjatli film va adib asarlari asosida sahna koʻrinishlari, kuy-qoʻshiqlar yangradi.
(сурат), ЎзА