O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, haykaltarosh Yakov Shapironing vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, haykaltarosh Yakov Iosifovich Shapiro 1937 yilda Ukrainaning Jitomir viloyati Olevsk shahrida tug‘ilgan. Ikkinchi Jahon Urushi vaqtida oilasi bilan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan. Dastlab Marg‘ilonda yashaydi, so‘ngra ota-onasi bilan Toshkentga ko‘chib o‘tadi. 1944 yilda ortga, vataniga qaytadi va san’at o‘rta maktabida tahsil oladi.
Kiyev san’at bilim yurtini tamomlab, Sankt-Peterburgdagi I.Ye.Repin nomidagi Davlat akademik rassomlik, haykaltaroshlik va arxitektura institutiga kiradi. Tahsil olish mobaynida dunyo bo‘ylab safar qiladi. Keyinroq institutdagi tahsilini davom ettirgan holda Toshkentga ko‘chib o‘tadi.
Uning ijod namunalari O‘zbekiston, Rossiya, AQSH, Fransiya, Italiya, Isroil, Yaponiya va boshqa davlatlarda o‘rnatilgan. Toshkentda Yakov Shapiro metroning beshta stansiyasi, jumladan «Mustaqillik maydoni» va «Buyuk ipak yo‘li» stansiyalari uchun pannolar tayyorladi.
Shuningdek, haykaltarosh O‘zbekiston poytaxtidagi Shota Rustaveli, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Lal Bahadur Shastri, Buxorodagi Xo‘ja Nasriddin Afandi kabi haykallar muallifi hisoblanadi.