2020 год glavnaya Популярные новости

«Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilinganining o‘ttiz yilligi keng nishonlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va jamoatchilik vakillarining joriy yilning oktabr oyida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini mamlakatimizda keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi;

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan ommaviy ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov):

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning puxta tayyorgarlik asosida, yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlaydi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi barcha shahar va tumanlarda bayram tadbirlarini tashkil etadi;

umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovini o‘tkazadi;

mamlakatimizdagi teatrlar va kinoteatrlarda, madaniyat saroylarida buyuk allomalarimiz haqidagi spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar namoyishini tashkil etadi;

“O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda “O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari” mavzusida respublika konferensiyasini o‘tkazadi;

o‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiyga Toshkent shahridagi Milliy bog‘da, shuningdek, viloyat va shaharlarda o‘rnatilgan haykallar poyiga gul qo‘yish marosimini uyushtiradi;

mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini o‘tkazadi va “O‘zbek tilining do‘stlari” klublarini tuzadi;

mamlakatimizda yangitdan tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatayotgan Muhammad Rizo Ogahiy, Ishoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida ona tiliga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazadi;

hududlarda til bayramiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy kechalar hamda yangi kitoblar taqdimotini amalga oshiradi;

21 oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi san’at saroylarida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirlarini tashkil etadi.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari daromadlarining orttirib bajarilgan qismidan, shuningdek, homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.