2020 год glavnaya

DEHLIDA O‘ZBEK TILI BAYRAMI BO’LIB O’TDI

DEHLI, 26oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasida Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligi va o‘zbek tiliga davlat maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan tantanali marosim tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Hindiston hukumati va jamoat tashkilotlari, ishbilarmon doiralari vakillari, madaniy-ma’rifiy va tahliliy markazlar yetakchilari, Dehlidagi diplomatik korpus rahbarlari, jurnalistlar hamda Hindistonda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar qatnashdi.

Ishtirokchilarga O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, madaniy va sayyohlik salohiyati haqida filmlar namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekiston-Hindiston hamkorlik aloqalari haqida axborot berildi.

Tadbir qatnashchilari mamlakatimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi keng nishonlanayotgani, Prezidentimiz tashabbusi bilan 21-oktabr O‘zbek tili bayrami sifatida tantana qilinishini samimiy olqishladi.

Ta’kidlash joizki, 2017-yildan buyon Hindistondagi yirik oliy ta’lim maskanlaridan biri hisoblangan Jamiya Milliya universitetida o‘zbek tili kafedrasi faoliyat yuritadi. Oliy ta’lim maskanida o‘zbek tili va madaniyati markazi ham tashkil etilgan. Kafedra rahbari, professor Shahid Taslim hindistonlik talabalarga o‘zbek tilidan saboq berib kelmoqda.

— O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida tadqiqotlar olib boraman, — deydi professor Shahid Taslim. — Aytish joizki, Hindistonda o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishga qiziqayotgan talabalar soni tobora oshib bormoqda. O‘ylaymanki, bizning tarixiy do‘stlik rishtalarimiz, madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va an’analarimiz bir biriga yaqinligi, shuningdek tillarimizdagi o‘xshashlik bunda muhim omil bo‘lmoqda. 21-oktabr O‘zbekistonda O‘zbek tili bayrami, deb e’lon qilinganidan behad mamnunman. O‘zbek tili qadimiy, boy va ulug‘ til, u har qancha e’zoz va e’tirofga loyiq.

— O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik aloqalari bugungi kunda yanada chuqurlashib, yangi ma’no va mazmun kasb etmoqda, — deydi Global tadqiqotlar instituti raisi Ashok Sajjanxar. — Bugun O‘zbekistonda kechayotgan jadal islohotlar jarayonini katta qiziqish bilan kuzatayapmiz. Tez orada mamlakatingizda yana bir muhim voqea – parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Men mazkur jarayonda xorijiy kuzatuvchi sifatida qatnashishni rejalashtirganman.

Tadbir doirasida O‘zbekiston milliy hunarmandchilik va amaliy san’ati namunalari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

“Surxon” folklor guruhi va Xorazm musiqiy dastasi tomonidan ijro etilgan jozibali kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otdi.