PEKIN, 18-oktabr. / “Dunyo” AA/. Bugun o‘zbek tili xalqaro miqyosda qanday mavqega ega? Xorijda, jumladan, Xitoyda o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish qay darajada? O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligi arafasida XXR Markaziy millatlar universiteti Chet tillar institutining Rossiya-Markaziy Osiyo xalqlari tillari fakultetining o‘zbek tili o‘qituvchisi Dilsora Mirzaahmedova “Dunyo” AA muxbiri Shuhrat Umirovga bu savollar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
— Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ona tilimizning xalqimiz milliy o‘zligi hamda mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boyligimiz, yurtimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat ekanligini yana bir karra isbоtladi, — deydi D.Mirzaahmedova. — Ushbu hujjatda mazkur sana munosabati bilan yurtimizda hamda xorijiy ellarda turli ommaviy ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgani ham bu fikrning tasdig‘idir.
Bugun o‘zbek tili jahondagi nufuzli minbarlarda yangramoqda, o‘nlab xorijiy mamlakatlarda o‘rgatilmoqda, mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyotining namunalari turli xorijiy ellar tillarida nashr qilinmoqda. Bu esa zamonaviy O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Hozirgi paytda Shanxay chet tillar universiteti, Pekin universiteti, Markaziy millatlar universiteti, Xebey chet tillar universiteti, Loyan chet tillar universiteti singari nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili mutaxassislik, birinchi chet tili, ikkinchi chet tili va tanlov fani sifatida o‘rgatilmoqda.
Xitoyda o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bu tamoyil, ayniqsa, xitoylik yoshlar orasida ko‘proq kuzatilayotir.
Buni o‘zim ilmiy-o‘qituvchilik faoliyatimni olib borayotgan Markaziy millatlar universiteti misolida ham ko‘rish mumkin. Mazkur universitet Chet tillar institutining Rossiya-Markaziy Osiyo xalqlari tillari fakultetida o‘zbek tili bakalavr bosqichida til yo‘nalishi sifatida o‘qitilmoqda. Talabalarga o‘zbek tilidan tashqari o‘zbek xalqi madaniyati, tarixi, adabiyotidan ham ta’lim berilmoqda. Bugungi kunda mazkur yo‘nalishda tahsil olgan va o‘qishni tamomlagan 100 ga yaqin talaba O‘zbekistondagi Xitoy korxonalarida va Xitoyda faoliyat ko‘rsatadigan o‘zbek firmalari hamda boshqa turli muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ayrimlari ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Shu o‘rinda o‘zimning muallimlik faoliyatimda duch kelgan bir voqeani so‘zlab bersam.
Bir kuni o‘zbek tili darsimizda bir notanish yigit o‘tirganini ko‘rdim. Undan o‘zini tanishtirishini so‘radim. Ma’lum bo‘lishicha, u Jenmin universiteti talabasi ekan. O‘zbek tilini o‘rganishga juda qiziqqani tufayli dastlab o‘z universiteti ma’muriyatiga, so‘ngra XXR Ta’lim vazirligiga murojaat etib, Markaziy millatlar universitetida o‘zbek tili darsiga kelib o‘qishi uchun ruxsat olgan ekan.
U o‘zbek tili Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari tillari ichida eng boy va go‘zal til, o‘zbek madaniyati ham boy va betakror ekanini aytdi. O‘sha talabaning Xitoy oliy ta’lim tizimidagi qator rasmiyatchiligu tartibоtlardan o‘tib, boshqa universitetdan o‘zbek tilini o‘rganish uchun darsimizga kelganidan qattiq ta’sirlandim va faxrlandim.
Yana bir muhim ma’lumotni o‘zbekistonlik o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashishni joiz, deb bilaman. Xitoyda o‘zbek tilini o‘qitish, uni keng targ‘ib etish borasida Markaziy millatlar universiteti o‘qituvchisi Gulibanumu Kebaitul xonimning xizmatlari katta bo‘lmoqda. U bugungi kunga qadar Xitoyda yagona bo‘lgan “O‘zbek tili” darsligining muallifidir. Bundan tashqari, u hozirgi kunlarda o‘zbek tilini onlayn tarzda o‘qitish tizimini yaratish ustida ish olib bormoqda.
Men ilmiy-tadqiqot ishlarim va o‘zbek tilidan dars berish bilan birga tarjimonlik sohasiga ham qiziqaman. Shu bois ilmiy adabiyotlar tarjimasi bilan shug‘ullanayapman. Bu yo‘nalishda tarjimonlar, yurtimizdagi nashriyotlar bilan hamkorlik qilayapman. 2019-yil U Chunning “Falsafiy qarashlar”, Suyu Fanchenning “Konfutsiylik” asarlari O‘zbekistondagi “Akademnashr” nashriyotida o‘zbek tilida nashr etildi. Bulardan tashqari hozirgi paytda yana bir nechta asar xitoy tilidan o‘zbek tiliga, o‘zbek tilidan xitoy tiliga tarjima qilinmoqda. Ular ham hademay o‘quvchilar qo‘liga yetib boradi.
Til – millatlarni millatlarga, xalqlarni qalblarga bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik. Bugun Xitoyda o‘zbek tilini o‘rganayotgan yoshlar kelajakda ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama o‘zaro munosabatlar ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishiga ishonchim komil.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligi keng nishonlanayotganidan biz, Xitoyda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan, turli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan millatdoshlar ham juda quvondik. Chunki biz ona tilimizni sevamiz, shu tilda alla eshitib katta bo‘lganmiz, shu tilda bilim olganmiz.
Ona tilimizni avaylab asrashga hamda uning jahon miqyosida ommalashishi va ravnaqiga baholu qudrat hissa qo‘shishni o‘zimiz uchun burch va sharaf deb bilamiz.