O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari Qo‘mitasida Respublika Tojik milliy madaniy markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidovning zullisonayn shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Respublika Tojik milliy madaniy markazi raisi Ja’far Muhammad Termiziy tarjimasidagi bir turkum she’rlarini o‘z ichiga olgan va ilk marotaba tojik tilida kitob shaklida nashr etilgan “Do‘st bilan obod uying” – “Xonaat bo do‘st obod” kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.
Tadbirni Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azamat Toshev ochib berdi. U azaldan do‘stu qardosh bo‘lgan o‘zbek va tojik xalqlarining bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketgan do‘stlik va birodarligini tarannum etuvchi bunday tadbirlar Respublika Tojik milliy-madaniy markazi tomonidan ko‘plab o‘tkazilayotgani quvonarli hol ekanligini ta’kidladi.
Kitob tarjimoni Ja’far Muhammad Termiziy Erkin Vohidov she’riyati insonning inja tuyg‘ulari va falsafiy mushohadalarini o‘zida aks ettirgani uchun xalq uni nihoyat sevishini, bu boy merosdan albatta, tojik kitobxoni ham bebahra qolmasligi kerakligi haqida so‘z yuritdi.
Tojik va O‘zbek xalqlarining tarixi ming yilliklarga borib taqaladi. Ota-bobolarimiz mushtarak deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi Rustam Tursunov. “Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy, Mirzo Tursunzoda va Erkin Vohidovlar insonda et va tirnoq qanchalar yaqin bo‘lsa shunchalar yaqin bo‘lishgan. Bu kitob O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning 29ta she’rlarining tarjimasidan iborat. Bu o‘zbek va tojik xalqalari o‘rtasidagi ma’naviy munosabatlarning yanada yaqinlashuviga turtki beradi. Ushbu kitobni mamlakatimizdagi tojik tiliga ixtisoslashgan maktablarga tarqatdik. O‘ylaymizki, bu kitob she’riyatni tushunadigan insonlarning nafaqat javonidan, balki, qalb to‘ridan joy oladi degan umiddamiz.”
Anjumanda shuningdek, Tojikiston Respublikasi elchixonasi vakillari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, talaba yoshlar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida men ushbu kitobni ko‘zdan kechirishga ulgurdim deydi Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy. “Shuni aytishim mumkinki, unda ajoyib, betakror she’rlar o‘rin olgan. Ulardagi ko‘plab misralar o‘zbek va tojik xalqlarining do‘stligiga bag‘ishlangan. Erkin Vohidov bu do‘stlikni butun umri davomida his qilgan. U shuningdek tojik adabiyotining klassik namunalarini o‘zbek tiliga ham tarjima qilgan. Ishonchim komilki, ushbu kitob nafaqat O‘zbekistondagi tojiklar orasida, balki, Tojikistonliklar orasida ham nom qozonadi. Fikrimcha, she’riyatga befarq bo‘lmagan har bir inson orasida ushbu kitob samimiy e’tiroflarga sazovor bo‘ladi.”
Adabiyotshunos olim, “Naqshbandiya” jurnalining Bosh muharriri Sultonmurod Olim, Qo‘mita kutubxonasi rahbari Ra’no Hasanova, shoir va adabiyotshunos Abduqayyum Hasanzoda kitob tarjimasi haqida o‘z mulohazalarini bayon etishdi.
Jo‘rabek Rasulov Respublika tojik milliy madaniy markazi faoli:
“O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston qahramoni Erkin Vohidovning “Do‘st bilan obod uying gar bo‘lsa u vayrona ham, Do‘st qadam qo‘ymas esa, vayronadir koshona ham” satrlaridan kelib chiqib shuni aytamizki, Ikki xalq, ikki qalb, ikki millatning do‘stligi uzilmas rishtalar shular boisdir”.
Tadbirning amaliy qismida ishtirokchilar e’tiboriga musiqiy lahzalar havola etildi. Unda Respublika Tojik milliy madaniy markazining faol a’zolari, xonandalar Jo‘rabek Rasulov va G‘oyibjon Ashurov Erkin Vohidovning Ja’far Muhammad tarjimasidagi she’rlarini tojik tilida kuyga solib ijro etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi matbuot xizmati