2020 yil glavnaya

“Dunyoda bunday markazlar yo‘q” — Toshkentdagi saralash va taqsimlash markazi bosh shifokori

AOKAdagi shtabda tashkil qilingan matbuot anjumanida Toshkentdagi saralash va taqsimlash markazi bosh shifokori Alisher Hojimetov koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayoni qanday kechayotgani haqida ma’lumot berdi.

“Ichki ishlar vazirligi tomonidan yengil atletika zalida tashkil qilingan 750 o‘rinli saralash va taqsimlash markazi Ichki ishlar vazirligi ixtiyoriga topshirildi. Ushbu markaz 1-avgustdan o‘z faoliyatini boshlagan. Markaz, aytib o‘rganimdek, 750 kishini bir vaqtning o‘zida qabul qila oladi. Shundan 390 ta joy o‘rta og‘ir, 290 tasi og‘ir va 90 ta joy o‘ta og‘ir bemorlarga mo‘ljallangan.

Hozirda shifoxonada 691 nafar bemor davolanmoqda. Bugungi kungacha 1500 nafardan ortiq bemor muassasada davolanib ulgurdi.

Dunyoda bunaqa saralash va taqsimlash markazlari yo‘q. Bu hukumatimiz tashabbusi. Namuna sifatida tashkil etilgan bu markazlar o‘zini to‘liq oqladi. Bu yerda bemorlarni qabul qilib, ularni saralab, koronavirus bor-yo‘qligini ajratib, kasallik darajasiga qarab davolash choralarini ko‘rilyapti.

Saralash va taqsimlash markazlariga kelayotganlarning ayrimlarida umuman kasallik alomati yo‘q. Ayrimlarining qo‘lida unda koronavirus yo‘qligi haqida ma’lumotlari ham bor. Lekin vahima ham bor. Qo‘shnisi, tanishi yo ko‘cha-ko‘ydagi odamlarning gaplari ta’siriga tushib kelaverishgan.

Biz ularni tinchlantirib, to‘g‘ri yo‘nalish berib, ahvol yaxshi bo‘lsa, uyiga yuboramiz, agar holatida qandaydir o‘zgarish bo‘lsa, vaqtincha saqlab turiladi”, — degan Toshkent shahridagi saralash va taqsimlash markazi bosh shifokori Alisher Hojimetov.

Iyul oyida Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazma markazi maydonlarida tashkil etilayotgan koronavirusga gumon qilingan bemorlarga aniq tashxis qo‘yish va kasallik darajasini aniqlash, shuningdek, bemorlarga birinchi yordam ko‘rsatish va ularni klinikalarga taqsimlash markazi (500 o‘rinli) tashkil qilingan, ushbu g‘oya Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tashabbusi ekani, mazkur markazga budjet mablag‘lari sarf qilinmasligi aytilgandi. 24-iyulda Toshkentda COVID-19 kasalligiga gumon qilinganlarga aniq tashxis qo‘yish va zarur birinchi yordamni ko‘rsatishga xizmat qiluvchi taqsimlash markazi ish boshlagani xabar qilingan.

Keyinchalik Shayxontohurdagi “Yoshlik” sport majmuasida taqsimlash markazi tashkil qilingan, Zangiota sanatoriysi koronavirusga chalingan bemorlarni davolash kompleksiga aylantirilgan,  Navoiyda 400 o‘rinli taqsimot punkti ish boshlagani, Urganch shahrida koronavirus yuqtirib olgan bemorlarni davolash uchun 708 o‘rinli maxsus markazlar tashkil etilgani haqida xabar berilgan. Bundan tashqari, Uchtepa tumanida joylashgan Atlas mebel markazida koronavirusga qarshi kurash doirasida navbatdagi taqsimlash markazi tashkil etilgandi.