2020 год glavnaya Популярные новости

Elchixona Xitoyda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarini ogohlantirdi

Oʻzbekistonning Pekin shahridagi Elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil 25-yanvar kuni koronavirus tarqalishi sababli, Xitoy hukumati mamlakatning 1,2 milliard kishi istiqomat qiladigan 25 ta provinsiyasi, markazga boʻysunadigan shaharlari va maxsus maʼmuriy hududlarida sogʻliqni saqlash boʻyicha eng yuqori darajadagi favqulodda vaziyatni joriy etdi.

Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi xabarida qayd etilishicha, Xubey provinsiyasining 15 dan ortiq shaharlarida maxsus karantin choralari joriy etilgan: transport vaqtincha toʻxtatilgan, vokzallar va aeroportlar ishlamayapti. Pekin shahrida 30 dan ortiq kishi ushbu kasallikni yuqtirgan boʻlib, u yerda aksar diqqatga sazovor joylar, teatrlar, muzeylar, shu jumladan Taqiqlangan shahar yopilgan.
Elchixona Xitoyda boʻlib turgan yoki mamlakatga turizm va boshqa maqsadlar uchun tashrif buyurmoqchi boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolariga barcha xavf-xatarlarni inobatga olish va barcha ehtiyot choralarini koʻrishni tavsiya qiladi.
Shuningdek, elchixona yanvar oyida Uxandan vatanga qaytib kelgan oʻzbekistonlik talabalarni zudlik bilan Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan bogʻlanishni soʻragan.
Eng soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda Xitoyda koronavirusga chalinganlar 2027 kishiga yetgan, halok boʻlganlar soni esa 57 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqida “Vanʼi“ axborot portali xabar bergan.