2020 год glavnaya

Eng begʻubor va zavqli bayram

Mamlakatimizda “Prezident archasi“ tantanalari boshlandi. Ana shunday tadbirlarning dastlabkisi poytaxtimizdagi “Turkiston“ saroyida boʻlib oʻtdi.

Unga Mehribonlik uylari, “SOS — bolalar mahallasi“, oilaviy bolalar uylari, Muruvvat uylarining tarbiyalanuvchilari, mahallalardagi ota-ona mehridan bebahra qolgan oʻgʻil-qizlar, Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizligi xizmati, Milliy gvardiya kabi idoralarning yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida jon fido etgan xodimlari farzandlari taklif etildi.
photo5206239746123213925.jpg

Mamlakatimizda bolalarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, taʼlim olishi uchun zarur barcha imkoniyatlarni yaratish doimiy eʼtiborda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yoshlar tarbiyasiga oid beshta tashabbus joylarda izchil joriy etilmoqda. Oʻquvchi-yoshlarni madaniyat va sanʼat muassasalariga keng jalb etish, ularni sportga oshno qilish, kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish chora-tadbirlarini koʻrish, maʼnaviyatini yuksaltirish bilan birga kitobxonlikni keng targʻib etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ayni paytda xalq taʼlimidagi oʻzgarishlar ham ota-onalar, pedagoglar, oʻquvchi-yoshlarning fikr va mulohazalarini inobatga olgan holda, oʻquv-tarbiyaviy ishlarning samarasi va natijadorligini yanada yuksaltirishdek maqsad sari amalga oshirilayapti. Yurtboshimizning yosh avlodga boʻlgan gʻamxoʻrligi va eʼtiborining yorqin ifodasi boʻlgan “Prezident archasi” tantanalari bolajonlarning eng sevimli bayramlaridan biriga aylanib ulgurgan. Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan mamlakatimizning barcha hududida “Prezident archasi” tadbirlarini koʻtarinki ruhda oʻtkazish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tegishli boʻlgan hamma choralar koʻrildi.

photo5206686500031409577.jpg

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan taqdim etiladigan bir qator oʻquv anjomlari, koʻplab shirinlik va oʻyinchoqlar, ularni joylashtirishga moʻljallangan maxsus sovgʻalar qopchigʻidan iborat boʻlgan jami 11 ming dona sovgʻa kichkintoylar uchun hozirlab qoʻyildi.

…“Turkiston“ saroyi foyesida goʻzal zumrad archa turfa oʻyinchoqlar, zeb-zarlar bilan ziynatlangan. Qorbobo-yu Qorqiz, turfa ertak qahramonlari, sirk va estrada sanʼati ustalari tomonidan tayyorlangan dastur barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashmoqda.

photo5206686500031409576.jpg

— Men oʻtgan yili ham “Prezident archasi“da qatnashgandim, — dedi “SOS — bolalar mahallasi“ tarbiyalanuvchisi, 12 yoshli Nilufar Kamolova. — Biz bu Yangi yil bayramiga yaxshilab tayyorgarlik koʻrdik. Sheʼrlar yodlab, yangi ashula va raqslar oʻrgandik. Bunday bayramda qatnashishni hamma bolalar orzu qiladi.

— Koʻngli yarim bolalar manfaatlarini taʼminlashga, ularga toʻlaqonli taʼlim-tarbiya berishga, soha xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirishga, bolalarni oilaviy muhitda tarbiyalashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda, — dedi Toshkent shahridagi 23-Mehribonlik uyi direktorining oʻrinbosari Nigora Shomatova.- Prezidentimizning tegishli qarori asosida Mehribonlik uylari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bolalarni imkon qadar oila muhitida tarbiyalanishi uchun patronat xizmatni kuchaytirish va boshqa yoʻnalishlarda koʻplab amaliy choralar koʻrilmoqda. Bugungi shodiyona ham bolajonlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning amaldagi yana bir namunasidir.

photo5206686500031409578.jpg

Besh yashar Vanya Gochkovskiy 23-Mehribonlik uyida tarbiyalanadi. Kichkintoy vujudidagi yashirin xastalikni oʻzi sezmagan holda bolalarcha shoʻxlik, begʻuborlik, pokiza qalb bilan yengib kelmoqda.

— Archa bayrami menga juda yoqdi, — dedi Vanya lunjiga toʻldirib olgan konfetni qarsillatganicha. — Qoboboyam, Qorqiz ham, sirkchilar, ashula-yu oʻyinlarning hammasi juda z-zoʻ-oʻr! “Prezident archasi“ rosa mazza bayram ekan!

photo5206239746123213927.jpg

Bayram ishtirokchilari zalga taklif etiladi. Biri quyoncha, boshqasi qorparcha, yana kimdir qorbola kiyimida saflangan kichkintoylar kamalakrang sharlar, turfa rangga kiruvchi oʻyinchoqlarni tutgancha oʻz oʻrinlarini egallaydi. “Tomosha“ bolalar ijodiy studiyasi tomonidan tayyorlangan “Biz taratgan nur!“ nomli musiqiy spektakl qiziqarli sahnaviy koʻrinishlar, video lavhalar, multfilmlardan parchalar, quvnoq roliklardan tarkib topgan. U har bir tomoshabinni bolalikning goʻzal onlariga qaytarishi shubhasiz. Tabiatni, ona-Vatanni asrab-avaylashga, kichiklarni himoyalashga, kattalarga hurmatda boʻlishga, odobli, intizomli boʻlish va aʼlo oʻqishga, kitob bilan doʻstlashishga undovchi tomosha barchaga manzur boʻldi.

Tadbir nihoyasida bolajonlar “Prezident archasi“ qoʻshigʻini birgalikda kuyladilar. Ularga davlatimiz rahbarining Yangi yil bayrami sovgʻalari topshirildi. Kichkintoylarga atalgan shodiyona juda zavqli oʻtdi. Bu kabi bayram tantanalari mamlakatimizning barcha hududlarida davom etmoqda.

photo5206686500031409575.jpg