bosh-sahifa

EXHT kam sonli millatlar bo’yicha Oliy komissari delegasiyasining uchrashuvlari

Mamlakatimizda mehmon bo’lib turgan Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kam sonli millatlar bo’yicha Oliy komissari Lamberto Zanьer rahbarligidagi delegasiya 16 aprelь kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi raisi R.Qurbonov bilan uchrashdi. Uchrashuvda mazkur qo’mita fuqarolar totuvligi va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, turli millatlar vakillari o’rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, vatandoshlarimiz ongida ko’p millatli yagona oila tuyg’usini shakllantirish yo’lida xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bu maqsadlarni bajarishda milliy madaniy markazlar va do’stlik jamiyatlari faoliyati davlat tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq, tinch-totuv yashab kelmoqda. Ular o’z huquq va erkinliklarini ro’yobga chiqarishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Jamiyatimizda do’stlik va mehr-oqibat, millatlararo va dinlararo totuvlik muhiti yanada mustahkamlanmoqda. Yurtimiz bo’ylab 130 dan ziyod milliy madaniy markaz, 30 dan ortiq do’stlik jamiyati muvafaqqiyatli faoliyat yuritayotgani faol “xalq diplomatiyasi” asosida chet eldagi vatandoshlarimiz bilan muntazam va o’zaro foydali munosabatlarni yo’lga qo’yish imkonini bermoqda.

Uchrashuvda mehmonlarga milliy madaniy markazlar va do’stlik jamiyatlari faoliyati, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlar, Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
EXHT delegasiyasi a’zolari O’zbekistonda bag’rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, turli millat va elat vakillarining urf-odat va an’analarini asrab-avaylash bo’yicha yangi bosqichda olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

Yurtimizda faoliyat olib borayotgan qozoq, tojik, qirg’iz, rus, tatar va turkman milliy madaniy markazlari vakillari ishtirokida davom etgan uchrashuvda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda millatlar va elatlararo totuvlikning ahamiyati xususida o’zaro fikr almashildi.

– Delegasiyamizning O’zbekistonga tashrifi davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida ijobiy o’zgarishlar va yangilanishlar kechayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda, – dedi Lamberto Zanьer. – Safarimizni vodiy viloyatlaridagi turli etnik qatlamlarning hayot tarzi, ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdan boshladik. Aytish mumkinki, barchasi bizda katta taassurot qoldirdi. Xususan, mamlakatingizda 7 tilda ta’lim olib borilayotgani, turli millat va elat vakillarining davlat boshqaruvi va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki e’tirofga loyiq. Tashrif davomidagi uchrashuvlar bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, bag’rikenglik tamoyillarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonamiz.
Oliy komissar boshchiligidagi delegasiya a’zolari shu kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Tashqi ishlar vazirligida ham muzokaralar o’tkazdi.