2020 yil glavnaya Мероприятия

Fransiyada Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlagan xalqaro anjuman o‘tkaziladi

PARIJ, 6 mart. /«Dunyo» AA/. Fransiyada joriy yilning 24-25 iyun kunlari «Mir Alisher Navoiy, mashhur temuriyzoda ijodiga yangicha yondashuv» mavzusida xalqaro anjuman tashkil etiladi.

Tadbir mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida Fransiya milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS) bosh ilmiy xodimi, Sorbonna universitetining Sharq tillari va sivilizatsiyalari instituti (INALCO) professori, navoiyshunos olim Mark Tutan tashabbusi bilan tashkil etiladi.

Ayni paytda tadbirning tashkiliy masalalari fransiyalik hamkorlar bilan muhokama etilmoqda.

Mazkur anjumanni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi yaqindan ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 12 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek tilining davlat tili sifatida qo‘llanilishini kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish metodikasini takomillashtirish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi dasturi tasdiqlangan. Ushbu xalqaro tadbir ham ushbu hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshiriladi.