2022 yil bosh-sahifa Tadbirlar

Germaniyadan munosabat: Alisher Navoiyning hayoti va ijodi O‘zbekistondan tashqarida ham maʼlum va mashhurdir

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludi kuni munosabati bilan qator xorijiy mamlakatlar mutaxassislari “Dunyo” axborot agentligi orqali O‘zbekiston xalqiga o‘z tabrigini yo‘llamoqda.

“Germaniya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati prezidenti Kolin Dyurkop (Bonn shahri):

– Har yili 9 fevral kuni O‘zbekistonda sheʼriyat, ilm-fan, musiqa, rassomlik va shaharsozlikka qiziqishi bilan nemis jamoatchiligi orasida yaxshi tanilgan atoqli shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavallud kuni nishonlanadi.

Alisher Navoiy Naqshbandiya tariqatining izdoshi sifatida o‘z sheʼrlari va nasriy asarlarida tasavvufning anʼanaviy mavzulariga ham to‘xtalgan.

Shoir sifatida Navoiy 15 yoshidanoq forsiy va turkiy tillarda birdek yaxshi yoza olishini isbotlagan. Mashhur shoirning bizgacha yetib kelgan adabiy merosi buyuk va serqirraligiga shubha yo‘q. Chunki XV asr oxirida bugungi Markaziy Osiyo va uning sarhadlaridagi maʼnaviy hayotni to‘liq ochib bergan o‘ttizga yaqin sheʼriy to‘plamlari, dostonlar, ilmiy asarlar va boshqa risolalari buni tasdiqlaydi.

Navoiy ijodining cho‘qqisi o‘sha davrning tasavvufiy, falsafiy va badiiy dunyoqarashidagi ommabop shaklida bitilgan mashhur asari “Xamsa” hisoblanadi. Buyuk shoir ijodi nafaqat o‘zbek tili va adabiyotiga, balki butun turkiy xalqlar adabiy ravnaqiga juda katta taʼsir ko‘rsatgan.

Alisher Navoiyning hayoti va ijodi O‘zbekistondan tashqarida ham maʼlum va mashhurdir. Masalan, Usmoniylar saltanatida ham turk shoirlari uning asarlarini o‘rgangani va nihoyatda taʼsirlangani tarixdan maʼlum.

Fursatdan foydalanib, jamiyatimiz nomidan O‘zbekiston xalqini ushbu muhim sana munosabati bilan tabriklar ekanman, o‘zimning eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman.