2021 yil bosh-sahifa

Hamid Olimjon tavalludining 112 yilligi munosabati bilan “Bunda bulbul kitob o‘qiydi…” mavzusida kitobxonlik tanlovi

Eng gullagan yoshlik chog‘imda Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda…
Ushbu go‘zal satrlar ila boshlanuvchi go‘zal she’r sakson yildan oshibdiki, xalqimiz orasida tillardan tushmay, dillardan o‘chmay kelyapti. Mana shunday hayotbaxsh, umrboqiy she’rlari bilan qalblarga yoshlik zavqi, baxt sururini ulasha olgan Hamid Olimjon tavalludiga 112 yil to‘ldi.


Joriy yilning 22 dekabr kuni Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Bunda bulbul kitob o‘qiydi…” mavzusida kitobxonlik tanlovi tashkil qilindi. Tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, xodimlari, taniqli yozuvchi-shoirlar, yurtimizda faoliyat yurituvchi milliy madaniy markazlar faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar Hamid Olimjonning boy ma’naviy merosi haqida fikr yuritib, tadbirning yuksak ma’naviy ahamiyat kasb etishini aytib o‘tishdi. Ulug‘ adibning buyuk ijodiy merosini o‘rganish yoshlarda hayotga muhabbat, sadoqatni tarbiyalashda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirda Hamid Olimjon ijodi yoshlarda mehr, muhabbat, sadoqat, ota-onaga hurmat kabi tushunchalarni shakllantirishi qayd etishdi.
Tadbir doirasida yoshlar ijrosida ulug‘ adib Hamid Olimjon ijodidan namunalar o‘qib berildi. Ishtirokchilar tanlov shartlari asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Jarayon hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Tadbir yakunida tanlov g‘oliblari e’lon qilinib, g‘oliblar tashkiliy qo‘mitaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

O‘tkazilgan kitobxonlik tanlovi yoshlar ongida Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilim-ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish, milliy adabiyotimizning durdona asarlarini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish orqali xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaradigan buyuk va qudratli avlodni shakllantirishga xizmat qiladi.

Qo‘mita matbuot xizmati