2020 год glavnaya Популярные новости

Ijodkor yoshlar yangi tashabbuslarni ilgari surdi

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida badiiy ijod va jurnalistika sohasida qalam tebratayotgan, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishlarda faoliyat olib borayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. 

“Yangi avlod – yangi tashabbuslar” shiori ostida tashkil etilgan muloqot Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamkorligida oʻtkazildi.

Unda taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, badiiy ijodning nasr, nazm, bolalar adabiyoti, dramaturgiya, badiiy tarjima, badiiy publitsistika yoʻnalishlarida ijod qilayotgan yoshlar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, ilk kitoblari nashr etilgan qalam ahli ishtirok etdi.

photo5242416354441669816.jpg

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 27-dekabrda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan oʻtkazgan yigʻilishida ilgari surilgan muhim fikr va gʻoyalar, belgilangan vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
– Prezidentmiz yoshlar masalalarida ilgari surgan gʻoya va tashabbuslarni amalga oshirish, ularning ijodiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash, muammolarini hal etishda barchamiz birdek masʼulmiz, – dedi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov. – Biz bir yoqadan bosh chiqarib, mamlakatimizda boshlangan yangi davr, barcha sohalarda kechayotgan islohotlarni har bir yoshga yetkazishimiz kerak.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda ishtirokchilar oʻz fikr-mulohazalarini erkin bayon qildi. Mutasaddi rahbarlar ularni tinglash barobarida, yangi avlod vakillarining tashabbuslarini amalga oshirish ularning oldida turgan eng muhim vazifalardan biri boʻlib qolishini taʼkidlab oʻtdi.

photo5240006396752276481.jpg

– Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida kitobxonlik keng targʻib etilmoqda, – dedi Respublika yosh ijodkorlar kengashi raisi Mehrinoz Abbosova. – Buning uchun “Yosh kitobxon” respublika koʻrik-tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblarga “Spark” avtomobili berilmoqda. Oʻz navbatida kitob yozayotgan yosh qalam ahliga ham alohida eʼtibor berilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Albatta, “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida iqtidorli yoshlarning kitoblari davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga chop etilib, maktab kutubxonalariga yetkazib berilmoqda. Afsuski, ana shu ijodkorlarning qalam haqi maqtanarli darajada emas.
– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Vatan iftixorlari” institutini joriy etish, joylarda IT-parklar tashkil etish, yoshlar auditoriyasiga yoʻnaltirilgan tele va radiokanallar, bosma nashrlar asosida “Yoshlar media xoldingi” tashkil etish kabi qator tashabbuslarni katta xursandchilik bilan qabul qildik, – dedi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Sitora Barliboyeva. – “Yoshlar media xoldingi” tashkil etilganida unga xorijda tahsil olayotgan iqtidorli tengdoshlarimizni jamoatchilik asosida jalb etish kerak. Xorijiy davlatlarda vatandoshlarimiz qanday yutuqlarga erishayotgani toʻgʻrisida maxsus dasturlar tayyorlash joiz, deb oʻylayman.
Oʻzbek adabiyoti va jurnalistikasining nodir namunalarini jahon tillariga tarjima qilish, ijtimoiy tarmoqlar, internet tizimi imkoniyatlaridan foydalanib mamlakatimiz tarixi, maʼnaviyati, buyuk ajdodlarimiz merosi, bugungi islohotlar jarayoni bilan jahon ahlini muntazam tanishtirib borish choralarini kuchaytirish zarur. Ishtirokchilar barcha sohalarda fidoyilik bilan mehnat qilayotgan bunyodkor yoshlar haqida badiiy asarlar yaratish borasida oʻz tashabbuslarini bildirdi.

photo5240006396752276489.jpg

– Yosh ijodkorlarning asarlari boshqa tillarga tarjima qilinmoqda, biroq targʻiboti sust, – dedi “Akademnashr” nashriyoti masʼul kotibi Mahfuza Imomova. – Oʻzbek adabiyotini dunyoga keng targʻib etishda barcha qalamkashlar birgalikda harakat qilishi kerak. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida xorijiy til kurslarini yoʻlga qoʻyish, boshqa davlatlarda tashkil etiladigan adabiy kurslarga iqtidorli yoshlarni yuborishni taklif etaman.
Muloqot davomida yoshlarning turli yoʻnalishlardagi ijodiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Eng yaxshi sheʼriy asar”, “Eng yaxshi nasriy asar”, “Eng yaxshi badiiy publitsistik asar” yoʻnalishlari boʻyicha tanlov eʼlon qilindi.
Ishtirokchilarga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi tomonidan nashr etilgan badiiy kitoblar taqdim qilindi.