2020 yil glavnaya Популярные новости

Ikkinchi jahon urushida vafot etgan o‘zbekistonlik qahramonlarning xotirasi Ukrainaning Xerson viloyatida yod etildi

Mamlakatimizning Ukrainadagi elchixonasi vakillari Xerson viloyatining Skadovsk tumani Blagodatnoye qishlog‘ida bo‘lib, Ikkinchi jahon urushida vafot etgan o‘zbekistonlik qahramonlar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik xaykalini ziyorat qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xerson viloyati davlat arxivi departamenti direktori Irina Lopushinskaya bilan uchrashuv davomida ma’lum bo‘lishicha, 1931 yil mazkur viloyatga Markaziy Osiyo respublikalaridan 4,5 mingdan ziyod aholi majburan ko‘chirib keltirilgan bo‘lib, ularning aksariyat qismini o‘zbekistonliklar tashkil qilgan.

Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan o‘zbekistonliklar harbiy qismlar safida mardlarcha jang qilgan hamda ularning ko‘pchiligi ko‘pchiligi urush maydonlarida qahramonlarcha halok bo‘lgan.

Urush qahramonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida Blagodatnoye aholi punktida yodgorlik o‘rnatilgan.

Elchixona xodimlari Xerson viloyatida yashovchi o‘zbek diasporasi faollari, Ukraina musulmonlari diniy idorasi va tuman meriyasi bilan hamkorlikda fashizmga qarshi kurashda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdi.

Blagodatnoye qishlog‘ida yashovchi 95 yoshli Raisa Belova bilan suhbat chog‘ida diplomatlar yurtdoshlarimiz bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan tanishdi. Suhbatdosh Xerson viloyati dalalarida mardonavor mehnat qilgan va fashizmga qarshi janglarga birinchilardan bo‘lib kirishgan quyoshli O‘zbekiston vakillari haqidagi xotiralarini so‘zlab berdi.

Tashrif doirasida tuman meriyasi bilan 2021 yil bahorida Xotira va qadrlash kunini nishonlash doirasida keng jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda ommaviy tadbirni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.