bosh-sahifa

Inson muqaddas – xotira abadiy

Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, bu aziz ne’matni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, jamiyatda insonparvarlik, ahillik, o‘zaro totuvlik va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash masalasiga ustuvor vazifa sifatida ahamiyat qaratib kelinmoqda.

Yurtimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 1999 yildan buyon mamlakatimizda 9 may –“Xotira va qadrlash kuni” sifatida keng nishonlanayotgani g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan ota-bobolarimizni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, urushda tinchlik uchun jon fido etgan hamyurtlarimiz xotirasini muqaddas bilishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

 

Qutlug‘ ayyom arafasida Ikkinchi jahon urushi davrida osuda hayot, musaffo osmon uchun jon fido etgan bobolarimizning aziz xotirasiga yana bir karra hurmat keltirish, bugungi kunda umrguzaronlik qilayotgan urush faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga doir ezgu ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.
Suronli janggohlardan O‘zbekistonga minglab odamlar, keksalar, ayollar, bolalar evakuatsiya qilingan. O‘zbek oilalari turli millat va elat vakillaridan iborat bolalarga o‘z xonadonidan joy bergan. Yurtimizdagi mehnat jamoalari, korxonalar, zavod va fabrikalar frontning mudofaa qudratini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Tariximiz o‘z sahifalaridan vatan uchun hayotini va jonini fido qilgan insonlar nomini unutmay, ularga buyuk hurmat va ehtirom etishga undaydi.
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan tadbirlar dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga teranroq nazar solishga, doim shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga undaydi.

 

Fashizm ustidan qilingan g‘alabada o‘zbek xalqining katta hissasi bor. Respublikaning 6,5 mln aholisidan 1 mln 433 ming kishi urushda qatnashib, ulardan yarim millionga yaqini halok bo‘lgan, 132 ming nafari izsiz yo‘qolgan, 600 ming kishi nogiron bo‘lib qolganlar. Urushning og‘ir musibatlari hali hanuz insonlar qalbidan o‘chmagan. Buyok o‘g‘lonlar xotirasi avlodlar yodida mangu yashaydi.

 

 

Ushbu sana yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Mamlakatimizning barcha shaharu-qishloqlari, so‘lim go‘shalari va istiroxat bog‘larida ko‘pmillatli xalqimiz uchun turli tadbirlar tashkil etilgan. Xalok bo‘lganlarni xotirlab, ularning qabrlari poyiga tirik gullar qo‘yildi.

 

 

 

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining bir guruh xodimlari poytaxtimiz markazidagi Xotira maydoniga tashrif buyurib, Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘yishdi, Toshkentdagi “Do‘stlik” bog‘ida shahar ahli va mehmonlar diqqatiga yurtimizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Milliy madaniy markazlar badiiy jamoalarining konsert dasturi havola etildi.