Kvangju shahridagi “Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi”da mamlakatimizning Seul shahridagi elchixonasi konsullik bo‘limi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi va “Kimsong” advokatlik firmasi xodimlari tomonidan vatandoshlarimizga konsullik xizmatlari, migrant ishchilarning muammolarini hal qilish yuzasidan maslahatlar, shuningdek migratsiya va huquqiy masalalar bo‘yicha qabul tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Dastlab uyushma binosiga yig‘ilgan 50 nafarga yaqin yurtdoshimizga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30 oktyabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida so‘zlagan nutqi namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari davlatimiz rahbarining xalqaro anjumandagi chiqishini katta qiziqish bilan kuzatdi. Ular Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonliklarga ko‘rsatilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan qulayliklar uchun minnatdorlik bildirdi.
Qabul chog‘ida elchixona konsullik bo‘limi tomonidan yurtdoshlarimizga konsullik-huquqiy masalalarda maslahatlar berildi, turli konsullik xizmatlari ko‘rsatildi va ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.
Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonasi va Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi xodimlari mehnat faoliyati, ish haqini o‘z vaqtida olish, kasb va til o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslariga ro‘yxatdan o‘tish va boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar bo‘yicha maslahatlar berdi.