Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi va partiya markaziy kengashi ijroiya qoʻmitasining qoʻshma majlisida pandemiya davrida partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Qoʻshma yigʻilish kun tartibidagi asosiy masala – pandemiya davrida hududiy partiya tashkilotlari, barcha darajadagi deputatlik birlashmalari, jumladan, Xorazm, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar tahlil qilindi.
Fuqarolar hayoti va sogʻligʻi himoyasini yana-da kuchaytirgan holda yashash va ishlashda davom etish, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish boʻyicha asosiy vazifalar belgilandi.
Karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatilishi, pandemiya sharoitida yashash va ishlashga oʻtish jarayoni barchadan yana-da birdam boʻlish, belgilangan tartiblarga rioya etilishi boʻyicha masʼuliyatni oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni taqozo etadi. Eng asosiysi, ehtiyojmand oilalar aʼzolariga oʻzini-oʻzi band qilish imkoniyatlari va imtiyozlaridan foydalanishida amaliy yordam koʻrsatiladi. Shuningdek, jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tashkil qilinayotgan ish oʻrinlari, ularga ishga joylashayotganlar haqidagi maʼlumotlar haqqoniyligi, qishloq xoʻjaligi kooperativlarini tashkil etish uchun ajratilgan subsidiyalarning maqsadli sarflanishi boʻyicha deputatlik va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
Deputatlar va partiya faollari “Saxovat va koʻmak” xayriya tadbirlarini davom ettirib, elektorat vakillariga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari yetkazilishida faol ishtirok etadi. Aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlash uchun naqd pul shaklida berilayotgan byudjet mablagʻlari oʻz egalariga yetib borishi boʻyicha deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.