Xabaringiz bor, “Xalq soʻzi” muxbiri Oʻzbekiston tomonining Xitoy-Oʻzbekiston hammuallifligida yaratilgan vaksinaning qabul qilib olish jarayonini yoritmoqda.
Oʻzbekistonga olib kelinishi va sinovlarida bosh-qosh boʻlgan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovga qator savollar berildi. Xususan, “Xalq soʻzi” muxbiri vaksinaning narxi bilan qiziqdi.
«Narxlari hali aniq emas. Sababi uni narxlari ochiqlanmagan, hozircha. Biz bu vaksinaning ishlab chiqarilishidagi maʼlum qiymatini toʻlab berdik. Oʻzbekiston aholisiga tekin boʻladi», dedi Ibrohim Abdurahmonov.
Maʼlumot uchun, Xitoy-Oʻzbekiston hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini yaratishda koronavirus tashqi oqsili biotexnologik usul bilan sintezlanib olingan boʻlib, organizmga yuborilganda oqsilga nisbatan immun javob hosil boʻladi. Bunday vaksinalar boshqa turdagi vaksinalar bilan solishtirganda, eng yuqori xavfsizlik profiliga ega hisoblanadi.
Inobat AHATOVA,
“Xalq soʻzi”