2020 год glavnaya

KRASNOYARSKDA O’ZBEK MADANIYATI KUNI TASHKIL ETILDI

Krasnoyarsk, 16 oktabr. /“Dunyo” AA/. O’zbekisron Respublikasining Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi O’zbek milliy-madaniy avtonomiyasi va Krasnoyarsk o’lkasi hukumati bilan hamkorlikda Krasnoyarsk shahrida O’zbek madaniyati kunini o’tkazdi, deb xabar bermoqda ”Dunyo” AA muxbiri.

O’zbek xalqining tarixi, boy madaniyati va an’analari taqdim etilgan tadbirda o’lka va shahar ma’muriyati, milliy jamoatchilik tashkiloti vakillari, shuningdek, Rossiyaning ushbu mintaqasida yashayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz qatnashdi.

O’zbek mumtoz adabiyoti asoschisi Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bag’ishlangan “Sharq donoligi lazzati” nomli badiiy chiqish tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Krasnoyarsk o’lkasi gubernatorining jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari R.Rafikov, Krasnoyarsk shahri ma’muriyati vakili E.Konovalova, milliy-madaniy tashkilotlar raislari o’zbek xalqining taniqli o’g’lonlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo’shgan bebaho hissasini alohida qayd etdi.

Kechada o’zbek tilida qo’shiqlar yangradi, taniqli mutafakkir Alisher Navoiyning ijodi namunalaridan o’qildi.