O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan onlayn shaklda “davra suhbati” o‘tkazildi.
Video-muloqotda Malayziyaning yirik korxonalarida mehnat faoliyatini olib borayotgan va oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdi.
Anjumanda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan qutlov so‘zlari yangradi. Ushbu bahor ayyomi yurtimizga va har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, bitmas-tuganmas kuch-quvvat va farovonlik olib kelishiga tilak bildirildi.
Shuningdek, uchrashuv qatnashchilariga O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, o‘tgan yil rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarida erishilgan natijalar haqida ma’lumot taqdim etildi.
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ta’lim, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi uchun fuqarolarimizga minnatdorlik bildirildi.