2021 yil bosh-sahifa

«Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyada 20 dan ortiq davlatning tashqi ishlar vazirlari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari qatnashadi

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari, Prezident  matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun anʼanaviy brifingda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya haqida batafsil maʼlumot berdi.

«15-16 iyul kunlari Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Imron Xon tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deya qayd etdi davlat rahbarining matbuot kotibi. — Pokiston yetakchisi rasmiy tashrif bilan, Afg‘oniston rahbari esa Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida amaliy tashrif bilan kelmoqda.

Sherzod Asadovning xabar berishicha, ushbu konferensiya, shubhasiz, joriy haftaning eng muhim tadbiri bo‘ladi. Uning ishida, avval qayd etilganidek, Afg‘oniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokchilarga videomurojaat yo‘llaydi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan, — dedi Sherzod Asadov. — Yalpi va shoʻba majlislarida mintaqaviy bog‘liqlikni yana-da chuqurlashtirish imkoniyatlari, shu jumladan, savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning barqaror o‘sishni taʼminlashdagi o‘rni, madaniy-gumanitar aloqalarni qayta tiklash orqali do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlar muhokama qilinadi».

Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, davlatimiz rahbari joriy haftada Afg‘oniston va Pokiston Prezidentlari, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Bangladesh, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, AQSH Prezidentining Ichki xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari Jozep Borrel  bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.