2021 yil bosh-sahifa Tadbirlar Yangi O'zbekiston

Milliy madaniy markazlarga zamonaviy texnik uskunalar topshirildi

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy texnika bilan rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mas’ullari, Respublika milliy madaniy markazlar raislari va yoshlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Etnomadaniy infratuzilmani, jumladan milliy madaniy markazlarni rivojlantirish maqsadida Qo‘mitaning davlat ijtimoiy buyurtmasiga asosan har yili Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan grantlar ajratiladi. Ajratilgan mablag‘lar nodavlat notijorat tashkilotlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mavjud muammolarni xal qilishda sarf qilinadi.

Xususan, 2021 yilda davlatimiz tomonidan birgina milliy madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 8 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan. Bu mablag‘ respublikadagi barcha milliy madaniy markazlarga 4 yarim millard so‘mdan subsidiylar ajratilayapti. Shuningdek, Oliy Majlis jamoat fondi 5-tanlov grantida 50 dan ortiq milliy madaniy markazlarga 2 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Kurbanov o‘z tabrik so‘zida Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston milliy siyosati konsepsiyasi va «Yo‘l xaritasi» ni tasdiqlash to‘g‘risidagi Farmonda milliy madaniy markazlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga yordam ko‘rsatilishi alohida ko‘rsatib o‘tilgan dedi. Har yili ijtimoiy buyurtmalar asosida Oliy Majlis Jamoat fondidan grantlar yutiladi. “Jamiyatda millatlararo totuvlik va do‘stlikni hamda tarixan shakllangan bag‘rikenglikni keng targ‘ib qilish” mavzusida ajratilgan 600 million so‘mlik davlat granti doirasida eng zamonaviy 15 ta monoblok kompyuter, 25 ta printer va 10 ta noutbuk xarid qilindi. Bu texnik uskunalar videokonferensiyalar o‘tkazish, tarixiy vatanlar bilan faolroq ishlashga imkon beradi. Shuningdek, yangi texnologiyalar orqali o‘z faoliyatingizda ishtirok etadigan ko‘proq yoshlarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz dedi.

Shundan so‘ng texnik uskunalar Respublika milliy madaniy markazlarga tantanali ravishda topshirildi.

O‘z navbatida milliy madaniy markazlar rahbarlari Prezident Sh.Mirziyoyevning ushbu e’tibori uchun katta minnatdorchilik bildirishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda milliy madaniy markazlarni qo‘llab quvvatlash doirasida salmoqli ishlarga amalga oshirilmoqda dedi Respublika ozarbayjon milliy madaniy markazi raisi Firdavsiy Guseynov. “Nafaqat Respublika balki viloyatlardagi bo‘limlarimiz ham ofiz jihozlari bilan ta’minlanmoqda. Albatta bu kabi tadbirlar milliy madaniy markazlar faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan. Men bunday e’tibor uchun Respublika ozarbayjon milliy madaniy markazi nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.”

Milliy madaniy markazlar moddiy-texnika bazasini qo‘llab-quvvatlash ularning etnomadaniy infratuzilmasini rivojlantirishga va faoliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.