MOZORI-SHARIF, 30 oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Mozori-Sharifdagi konsulxonasida O‘zbekistonda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bayram tadbiri o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Balx davlat universiteti (BDU) professor-o‘qituvchilari va talabalari, Bobur va Navoiy jamg‘armalari vakillari, o‘zbek va turkman klassik adabiyoti tadqiqotchi olimlari, shoirlar, adabiyotshunoslar va shimoliy Afg‘onistondagi o‘zbek diasporasi jamoatchiligining faollari qatnashdi.
Bayram tadbirida so‘zga chiqqanlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qarorining mazmuni va mohiyati, mustaqillik yillarida o‘zbek tilining mustahkam huquqiy asosi yaratilgani, uning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli hamda davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarida keng va faol qo‘llanilayotgani haqida so‘z yuritdi.
Xususan, Afg‘onistondagi Alisher Navoiy jamg‘armasi rahbari, tilshunos olim Abdulla Ruin O‘zbekiston Prezidenti imzolagan qaror o‘zbek tilini dunyo miqyosida yanada yuksalishiga xizmat qilishini bildirdi.
— So‘nggi yillarda o‘zbek-afg‘on munosabatlarida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Endilikda afg‘onistonlik o‘zbeklar O‘zbekistonga hech bir qiyinchiliksiz borib kelmoqda, u yerda o‘tkazilayotgan barcha ilmiy-amaliy konferensiyalar, madaniy tadbirlar va savdo-iqtisodiy forumlarda faol ishtirok etmoqda, — deb ta’kidladi u.
— Bugun Afg‘onistonda 8 milliondan ortiq o‘zbek millatiga mansub aholi yashamoqda, — deydi Balx davlat universiteti filologiya fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Z.Qaysoriy. — 2004 yilning kuzida Afg‘onistonda pashtu va dariy tillari qatorida o‘zbek tiliga ham davlat tili maqomini berish to‘g‘risidagi qonun mamlakat yangi konstitutsiyasida o‘z aksini topdi. Hozir Afg‘onistonning 9 viloyatida o‘zbek tilidagi maktablar faoliyat olib bormoqda. Shimoliy Afg‘onistonning Tahor, Samangon, Balx, Bag‘lon, Sari-Pul, Faryob va Jauzjon viloyatlari davlat universitetlarida o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha o‘qituvchi kadrlar tayyorlanmoqda.
O‘zbek va turkman klassik adabiyoti tadqiqotchisi, filologiya fanlari doktori, professor Muhammad Rosex o‘z so‘zida O‘zbekiston qadimdan ilm-fan va madaniyat o‘chog‘i bo‘lganligi, uning buyuk farzandlari jahon sivilizatsiyasi rivojiga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shganini bildirdi.
— O‘zbek xalqi uch ming yillik tarixga ega. Uning shonli tarixi va madaniyati to‘g‘risida so‘zlovchi o‘zbek tilida yozilgan qadimiy tosh bitiklarni bugungi kunda turk dunyosining barcha yerlarida uchratish mumkin. Hozirda ularning salmoqli qismi jahon muzeylarida saqlanmoqda. Til, madaniy va diniy qadriyatlar birligi bois, Afg‘onistonda o‘zbek va turkman xalqlari bir oila sifatida o‘zaro hamjihatlik va totuvlikda yashamoqda, — deb qayd etdi afg‘on olimi.
Bobur nomidagi xalqaro jamg‘armaning Afg‘onistondagi vakili Bunyod Abdunabining ta’kidlashicha, ham shoir, ham davlat arboblari bo‘lmish Navoiy va Bobur o‘z asarlarida o‘zbek tilining butun borlig‘i va go‘zalligini ifodalab bergan. Bobur uzoq Hindistonda ham o‘z ona tili — o‘zbek tilida ijod etdi va davlat boshqaruviga oid muhim qaror va farmonlarni o‘zbek tilida yozdirdi.
Tadbirda talabalar o‘zbek tilida she’rlar o‘qidi va mumtoz o‘zbek qo‘shiqlari kuyladi.