2022 yil bosh-sahifa

Musiqaning sirli kuchi

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar va ularning xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, madaniyat va san’at orqali o‘zaro ishonch va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga ko‘maklashish O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazining asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilganining 21 yilligi munosabati bilan shu yil 16 iyun’ kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Organ zalida Markaz tashabbusi bilan “ShHT xalqlari musiqa oqshomi” bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis deputatlari, ShHT milliy koordinatorlari, vazirlik va idoralar, ShHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va Toshkentdagi diplomatik korpus hodimlari, ShHT milliy madaniy markazlari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari qatnashishdi.

“So‘g‘diyona” o‘zbek xalq cholg‘ulari davlat kamer orkestri ijro etgan ShHTga a’zo mamlakatlar xalqlarining an’anaviy va zamonaviy musiqa asarlari, do‘stlik, tinchlik va farovonlikni tarannum etuvchi kuy va qo‘shiqlar yangradi.

Jumladan, “Hindiston gavharlari” nomli hind fil’mlaridan olingan musiqa to‘plami, “Men sevgan Xitoy” qo‘shig‘i, “Aris jag‘asinda” qozoq qo‘shig‘i, “Mash Botoy” qirg‘iz xalq kuyi, pokiston xalq kuyi, “Korobeyniki” rus kuyi, “Azizon” tojik xalq qo‘shig‘i, “Dugonalar” o‘zbek xalq kuyi, hamda belorus, ozarbayjon va eron xalqlarining ijodiy asarlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati