Joriy yilning 29 mart kuni Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, “O‘zbekiston-Gretsiya”, “Gretsiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyatlari, Toshkent shahar grek madaniy markazi bilan hamkorlikda “Navro‘z-do‘stlik bayrami” mavzusidagi onlayn badiiy davra suhbati tashkil etildi.
Qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Z.Abidov onlayn davra suhbati ishtirokchilarini yangilanish va yasharish bayrami bilan tabriklab, Navro‘z bayramining tag zaminida o‘zaro hurmat, do‘stlik, birodarlik mujassamligini ta’kidlab o‘tdi. Pandemiyaga qaramasdan xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlar bilan onlayn muloqot orqali aloqalar yanada mustahkamlanib borayotganligi aytib o‘tildi.
Z.Abidov mamlakatimizda xalq diplomatiyasini rivojlantirishda, yaqin va olis mamlakatlarda istiqomat qilayotgan, ish faoliyatini olib borayotgan va ta’lim olayotgan vatandoshlarimiz hamda hamkor tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatishda, xorijda O‘zbekistonni har tomonlama namoyish qilishda Qo‘mita va do‘stlik jamiyatlari tomonidan ko‘plab ishlar olib borilayotganini ta’kidlab, Gretsiyadagi vatandoshlar va hamkorlarni joriy yilning 30 iyul – “xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan rejalashtirilayotgan “xalqaro do‘stlik forumi” ga taklif etdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini xalq diplomatiyasi vositasida rivojlantirib kelayotgan tashkilot “O‘zbekiston-Gretsiya” do‘stlik jamiyati faoliyati, maqsad va vazifalari, amalga oshirilgan xalqaro tadbirlari haqida Jamiyat raisi, akademik M.Ashurov batafsil to‘xtalib o‘tib, Gretsiyadagi vatandoshlar bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
M.Ashurov O‘zbekiston-Gretsiya do‘stlik aloqalarini rivojlantirishda Qo‘mita jamiyatni qo‘llab quvvatlab ko‘mak berib kelayotganini ta’kidlab, bundan keyin ham Qo‘mita bilan samarali hamkorlik olib borishga tayyorligini bildirdi.
“Gretsiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi D.Bakolas O‘zbekiston va Gretsiya tarixan boy madaniyat va urf-odatlarga ega mamlakat sifatida rivojlanib kelayotganligini hamda bugungi kunda xalq diplomatiyasi orqali fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida ko‘plab amaliy ishlarni amalga oshirish mumkinligini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, Yevropa mamlakatlari grantlarini O‘zbekistonga olib kirish, birgalikda loyihalar ustida ish olib borish istagini bildirdi.
Toshkent shahar grek madaniy markazi raisi K. Politis ham onlayn davra suhbatida ishtirok etib o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi. U O‘zbekistonda grek diasporasi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yetarli darajada ta’minlanganligi, ular uchun O‘zbekiston tarixiy ona vatanidek qadrli ekanligini, bu yerda yashab kelayotgan boshqa millatlar bilan ahil va inoq yashab kelayotganligini aytib o‘tdi.
Onlayn davra suhbatida tomonlar keyingi rejalarni amalga oshirishda Qo‘mita, do‘stlik jamiyati, grek madaniy markazi va Gretsiyadagi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda olib borishga kelishib olishdi.
Onlayn davra suhbati konstruktiv ruhda o‘tdi.