2021 yil glavnaya

Navro‘z xalqlarni birlashtiradi

Serquyosh O‘zbekiston diyorida istiqomat qilayotgan qozoq millati vakillari nomidan Sizlarni ming yillardan beri ota-bobolarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan, milliy qadriyatlarimiz orasida alohida ahmiyatga ega bo‘lgan, uyg‘onish va yangilanish fasli bo‘lgan bahorda nishonlanib, yangi yilimizning kirib kelishidan darak beruvchi, xalqlarimiz do‘stligining ramziga aylangan muqaddas bayramimiz — Navro‘z ayyomi bilan chin qalbimizdan tabriklayman.

Respublikamiz o‘z mustaqilligiga erishgandan keyin xalqimizning yillar bo‘yi kutgan orzu-armonlari ro‘yobga chiqib, Navro‘zimiz o‘zimizga yangilanib, yangi nafas, yangi ruh, yangi niyat, yangi kayfiyat va yangi orzu-umidlar bilan qaytib keldi. Mana 30 yildirki u jamiyatimiz, elimiz, xalqimizning ajralmas ma’naviy boyligiga, ulug‘ qadriyatlarimizdan biriga, umumxalq bayramimizga aylandi.

Navro‘z — mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik demakdir. Navro‘z — sharq xalqlari uchun birlik, ahillik, totuvlik, mehnat, ezgulik, baxtning timsoli bo‘lib, yil boshi, yangi yil sifatida keng to‘ylanib kelinadi. Shu boisdan ham bu kuni shodlanmaydigan, quvonmaydigan, mehrlanmaydigan odam bo‘lmaydi. Bu kuni eng yaxshi duolar, ezgu tilaklar, samimiy tabriklar aytilib, arazlashganlar bir- birlarini kechirishadi, o‘zaro mehr-muruvvatlarini ayashmaydi. Shuning uchun ham bu muborak kunni yil sayin xalqimiz sog‘inib kutishadi.

Navro‘zning yana o‘ziga xos tomoni shundaki, dasturxonlarga tansiq taom va yemishlar tortiladi. Asosan sumalak, halim, go‘ja, ko‘ksomsa singari shifobaxsh taomlar qo‘yiladi. Navro‘zning yana bir ajoyib xislati, bu kunlari dehqonlarimizning g‘ayratiga g‘ayrat, shijoatiga shijoat qo‘shiladi. Ular ona yerimizni parvarishlab, tobiga keltirib, sara urug‘lar qadashadi, yangi nihollar ekishadi. Shuning uchun ham xalqimizda bahorning bir kuni g‘animat, u bir yilga tatiydi, deyishadi. Chunki, bahorda bir kun oldin ekilgan ekin yoz va kuzga borib bir oy oldin yetilib, mevasini beradi. Navro‘z ayyomi kunlari xalqimiz qir- adirlarga, bog‘-rog‘larga, hiyobonlarga sayilga chiqishadi. Uloq-ko‘kpari, ot poygasi, polvonlar kurashi, merganlik kabi ommaviy musobaqalar uyushtirishadi.

Navro‘z ayyomi arafasida mamlakatimiz tomonidan kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarga, nogironlar va qariyalarga alohida hurmat ko‘rsatilib, katta moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatiladi. Ko‘plab yangi uylar, ishlab chiqarish va ijtimoiy inshoatlar, bilim dargohlari, madaniyat o‘chog‘lari va boshqa xalqimiz manfaatiga xizmat qiluvchi ob’ektlar bayram kunlari tantanali ravishda foydalanishga berilmoqda.

Navro‘z ayyomining qiziqarli va tantanavor o‘tkazilishi respublikamizdagi turli millat vakillarini yanada yaqinlashtiradi, bir-birlariga bo‘lgan do‘stlik va birodarlik tuyg‘ularini yanada oshiradi, o‘zaro birdamlik, hamkorlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlaydi. Shuning uchun ham biz bu Navro‘z bayramiga katta tayyorgarlik ko‘rib, bir necha o‘tov qurib, uni badiiy qo‘l hunarmandchiligi va san’ati asarlari bilan jihozlaymiz, dasturxon yozib beshbarmoq, navro‘zgo‘ja, bo‘g‘irsoq kabi milliy taomlarimizni, qimiz va qimronday shifobaxsh ichimliklarimizni mehmonlarga taklif etamiz. Shuningdek, milliy madaniyatimiz bilan san’atimiz, urf-odatlarimiz bilan udumlarimizni namoyish etamiz, rang-barang va qiziqarli konsert dasturlarini ko‘rsatamiz. Biz respublikamizda barcha milliy madaniy markazlar kabi bizning Qozoq milliy madaniy markazga ham har tomonlama erkin va barcha milliy qadriyatlarini namoyon etib faoliyat yuritishiga to‘liq imkoniyatlar yaratilib berilayotganligidan juda ham minnatdormiz.

O‘z navbatida biz respublikamizda siyosiy barqarorlik va bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va hamjihatlikning tobora mustahkamlanib va uyg‘unlashib borishiga, xalqimiz milliy qadriyatlarining saqlanibgina qolmay yanada rivojlanishini ta’minlashga, qardosh o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi abadiy do‘stlik va izchil hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga, xalqlarimiz o‘rtasidagi adabiy, madaniy va ma’rifiy aloqalarning yanada ravnaq topishiga o‘zimizning xissamizni qo‘shib boraveramiz. Barchangizni Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etish bilan birga jonajon Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz faravonligi va abadiy do‘stligimiz yo‘lidagi ezgu ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! Navro‘zi olam Mustaqil yurtimizga buyuk yuksalish, oliyjanob xalqimizga tinchlik-omonlik, baxt-saodat va omad va baraka keltirsin!

O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi

S.Usenov