2020 год glavnaya

“O‘ZBEK TILINI O‘RGANISHGA QIZIQISHIMIZ TOBORA ORTIB BORMOQDA” – ROSSIYALIK YOSHLAR

Moskva davlat lingvistika universitetida O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili” haqidagi qonuni qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan o‘quv-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Uchrashuvda oliy o‘quv yurti professor va o‘qituvchilari, o‘zbek tilini o‘rganayotgan rossiyalik talabalar qatnashdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar qayd etganidek, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili o‘zbek xalqi uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.

2019 yil 21 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘ladi. Mazkur tarixiy hujjatga binoan o‘tgan yillar davomida o‘zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda Navoiy tili hayotning barcha jabhalarida – davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilayotgani barobarida xalqaro maydonga unga bo‘lgan qiziqish keyingi vaqtda keskin oshdi.

Tadbir ishtirokchilari, mamlakatda milliy tilning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuksak baho berdi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani o‘zbek tilining tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tardi. O‘z navbatida, Rossiyaning qator oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universiteti), Moskva davlat universiteti, Moskva davlat lingvistika universiteti va bir necha harbiy oliy o‘quv yurtlarida ikkinchi til sifatida o‘qitiladi. Rossiyalik talabalar nafaqat Lutfiy va Alisher Navoiyning betakror g‘azallari, Zahiriddin Muhammad Boburning go‘zal ruboiylari, Ahmad Yassaviyning dono hikmatlari, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhorning nasriy asarlari, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov she’rlarini aslida o‘qib, o‘zbek tilining betakror jozibasi va “shirasi”dan bahramand bo‘ladi.

Uchrashuv davomida Moskva davlat lingvistika universiteti talabalari o‘zbek tilining turli jihatlari, o‘zbek mumtoz va zamonaviy shoir va yozuvchilari, o‘lkamiz tarixi va zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan taqdimotlar bilan chiqdi. Talabalar tomonidan o‘qib berilgan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azal va ruboiylari, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Erkin Vohidovning she’rlari tadbir ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi. Bo‘lib o‘tgan muloqot yakunida uning ishtirokchilari bir ovozdan doimiy ravishda faoliyat yuritadigan “O‘zbek tili do‘stlari” klubi tashkil etish haqida qaror qabul qildi.

Muxbirimiz bilan suhbatda Moskva davlat lingvistika universiteti magistranti Filipp Zaxarov qayd etganidek, o‘zbek tilini o‘rgangan inson ushbu tilning go‘zalligi va jarangdorligidan hayratga tushadi.

– Biz uchun o‘zbek tili deganda, eng avvalo, buyuk Alisher Navoiyni yodga olamiz. Har yili Moskvada ul zotga o‘rnatilgan haykalni borib ziyorat qilamiz. Navoiyning she’r va g‘azallarida o‘zbek adabiy tilining asl go‘zalligi yaqqol namoyon bo‘ladi, – dedi F.Zaxarov.

Mazkur oliy o‘quv yurti ikkinchi bosqich talabasi Mariya Shatova o‘zbek tilini nisbatan qisqa muddat mobaynida o‘rganayotaniga qaramay, tilimizda burro gapirishga o‘tdi.

– Men o‘zbek tilini nihoyatda sevaman. O‘zbek qizlari nihoyatda go‘zal, ularning raqslari esa undan ham chiroylidir. Shu sababli, kelajakda o‘zbek milliy raqslari bo‘yicha tadqiqot qilish niyatidaman. Hozirgi kunda Surxondaryo, Xorazm uslublarini o‘rganmoqdaman, – dedi suhbatdoshimiz.

Moskva davlat tilshunoslik universiteti ikkinchi bosqich talabasi Jayxun Gasanli:

– O‘zbek tili va madaniyati menga juda ham yoqadi. Kelajakda O‘zbekistonda ishlashni orzu qilaman. Shu sababli hozirgi kunda o‘zbek tilini chuqur o‘rganayotirman. Amaliyot darslarimizda O‘zbekistonga oid yangiliklarni tayyorlayman. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga hurmatim nihoyatda baland bo‘lib, o‘z ilmiy ishimni ushbu yetakchiga bag‘ishlamoqchiman.

– O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Moskva davlat lingvistika universiteti o‘rtasidagi shartnomaga asosan bu universitetda 2010 yildan beri o‘zbek tili ikkinchi til sifatida o‘qitib kelinmoqda, – deydi mazkur oliy ta’lim dargohi va O‘zbekiston davlat jahon tillari o‘qituvchisi, pedagogika falari nomzodi Beg‘am Qorayeva. – Talabalarimiz o‘zbek tili, madaniyati, xalq og‘zaki ijodi, mamlakatimizning tarixi va zamonaviy taraqqiyotiga katta qiziqish bildirmoqda. Talabalarimiz har yili Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlarda faol qatnashadi. Universitetda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi bilan birgalikda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilliga bag‘ishlab Moskvada ilk marta ilmiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazdik. Kelgusi yil o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalarimiz uchun O‘zbekistonga sayyohat uyushtirishni rejalashtirmoqdamiz.

Umuman olganda, o‘tgan yillar mobaynida o‘zbek tilini o‘rgangan uch guruh talabalar o‘quv yurtini tamomlab, bugun Rossiyaning turli davlat idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlab kelmoqda.