2020 yil glavnaya

O‘zbek tilining nufuzi va xalqaro mavqeini mustahkamlash maqsadida «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» tanlovi e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» shiori ostida respublika tanlovini e’lon qiladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mazkur tanlovning asosiy maqsadi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, davlat tiliga oid muammolarni hal etishga ijodiy yondashuvni rivojlantirishdan iborat.

Tanlov:

– Eng yaxshi badiiy asar (she’riy asar – 30 misragacha; nasriy hikoya – hajmi 3 ming 600 bosma belgigacha);

– Eng yaxshi publitsistik maqola (ocherk, lavha – hajmi 5 ming 400 bosma belgigacha);

– O‘zbek tilining xorijdagi eng yaxshi targ‘ibоti (o‘zbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan yaratilgan xorijda o‘zbek tilini targ‘ib qilishga qaratilgan ilmiy, badiiy, musiqiy asarlar hamda audio, video mahsulotlar);

– Eng yaxshi ijtimoiy roliklar (audio, videorolikning davomiyligi 3 daqiqagacha) nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, eng namunali, g‘oyaviy-badiiy pishiq ijodiy ishlar munosib taqdirlab, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Tanlovga ijodiy ishlarni qabul qilish shu yilning 20 sentyabriga qadar davom etadi.

Tanlov yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar bilan www.til.gov.uz, www.manaviyat.uz saytlarida tanishish mumkin.