2020 год glavnaya

Oʻzbekcha lagʻmon, tojikcha moshxoʻrda, turkmancha pirog, qozoqcha chak-chak, qirgʻizcha sutli choy…

RFdagi Xakasiya davlat universitetida 29-31-oktyabr kunlari Oʻrta Osiyo oshxonasi kunlari boʻlib oʻtadi. Unga tashrif buyuradigan mehmonlar uchun Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Turkmaniston milliy taomlari tortiq etiladi. Bu haqda 19rus.info manbasi xabar berdi.

Unda oktyabr, noyabr oylarida Oʻrta Osiyo mamlakatlarida hosil bayramlari oʻtkazilishi qayd etilgan.

“Bizning diyorda hosil yigʻish yakunlanishini nishonladik. Rang-barang shoʻrvalar kunlari OTM oshxonasiga tashrif buyuradigan koʻplab mehmonlarga manzur boʻldi. Joriy yildan biz boshqa mamlakatlarning hosil bayramiga ham sherik boʻlish va mehmonlarni noodatiy taomnoma bilan quvontirishga qaror qildik”, — deydi universitet ovqatlanish kombinati direktori Natalya Yakimova.

U ishtirokchilarni qoʻy goʻshtidan tayyorlangan oʻzbekcha lagʻmon, Osiyoda yetishtirilgan moshli va guruchli tojikcha moshxoʻrda, turkmancha goʻshtli fitchi pirogi, asal qiyomli qozoqcha chak-chak, qirgʻizlarning sutli choyi kutayotganini aytib oʻtdi. Anʼanaga koʻra, oshxonada milliy musiqalar yangrab, soʻngra taom va uning tarkibi koʻrgazma dasturxoniga tortiladi.

Bunday tadbirlar universitetning barcha oshxonalarida boʻlib oʻtadi.