2021 yil bosh-sahifa Yangi O'zbekiston

O‘zbekiston – do‘stlik va birodarlik ulug‘langan yurt

Buxoro viloyati hokimligi, Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat fondi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi bilan hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi oldidan “O‘zbekiston – do‘stlik va birodarlik ulug‘langan yurt” shiori ostida madaniy–ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda viloyat hokimligi mas’ullari, deputatlar, nodavlat–notijorat tashkilotlari rahbarlari, milliy–madaniy markazlar a’zolari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Ko‘hna va boqiy Buxoroning Nodir Devon Begi tarixiy ansambilida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan bu yilgi Murojaatnomasida jamiyatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishiga alohida e’tibor qaratib, yurtimizda 30 iyulni – “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilashni taklif etdi. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini ta’sis etish haqidagi tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi.

Tarixi bir necha ming yilliklarga tutash ko‘hna va boqiy Buxoro ham qadim sharq sivilizatsiyasi beshiklaridan biri sifatida asrlar davomida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik maskani bo‘lib kelgan.

Buxoroda mahalliy aholi bilan birgalikda yahudiy, fors-tojik, qozoq, turkman, arab, yunon va boshqa millat vakillari tinch-totuv umrguzaronlik qilmoqda. Ajdodlarning bag‘rikenglik an’analarini munosib davom ettirgan holda bugungi kunda ham viloyatda 40 dan ortiq millat vakillari hudud ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilayotir.

Viloyatda 11 ta milliy-madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Mazkur markaz a’zolarining vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida qilgan mehnatlari munosib baholanib, Natalya Chapanashvili, Irina Kotova, Alixan Umarov, Bayramgul Maratova, Olim Rahmatov, Juma Shukurov, Svetlana Ahmedova, Nishon Otamurodov singari viloyatdoshlarimiz turli yillarda nufuzli davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga Gavhar Jarilkasimova, Baxtiyor Navro‘zzoda, Ilhom Shukurov, Zebo Hasanova, Shavkat Razzakov, Alisher Gaffarov kabi fan fidoyilari ilmiy unvon va darajalarga sazovor bo‘ldi.

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga viloyatdan saylangan deputatlarning 2 nafari, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlarining 2 nafari hamda shahar va tumanlar kengashlari deputatlarining 6 nafari boshqa millatga mansub fuqarolar ekanligi, qonun ijodkorligi va mahalliy boshqaruv tizimida ham ularning o‘rni nechog‘li zalvorli ekanligidan dalolat beradi.

Viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalarining 972 nafari, bitiruvchilarining 36 nafarini boshqa millatga mansub yoshlar tashkil etayotgani hududning kelgusi iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotida ushbu qatlamdagi vatandoshlarimizning xizmati yanada yuksak bo‘lishidan dalolatdir.

Madaniy tadbir davomida viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar o‘zlarining urf-odatlari, marosim va udumlari, an’analari qadriyatlaridan iborat konsert dasturini namoyish etdi.

Zarif Komilov,  O‘zA